Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu erta bosqichda aniqlangan prostata bezi saratonidan muvaffaqiyatli davolandi. Bu haqda rasmiy tibbiy xulosada ma’lum qilingan.
The Jerusalem Post nashrining xabar berishicha, Netanyaxuning sog‘lig‘i to‘g‘risidagi yillik hisobot uning devoni tomonidan e’lon qilindi.
Aniqlik kiritilishicha, 2024 yil dekabr oyida Netanyaxu prostata bezining xavfsiz kattalashishini davolash bo‘yicha muvaffaqiyatli operasiyani boshdan kechirgan va shundan so‘ng shifokorlarning doimiy nazoratida bo‘lgan.
Bir necha oy oldin o‘tkazilgan rejali tekshiruv davomida Isroil Bosh vazirida hajmi 1 mm dan kam bo‘lgan kichik o‘simta aniqlangan.
Qo‘shimcha tekshiruvlar metastaz alomatlari bo‘lmagan xavfli o‘simtaning erta bosqichini tasdiqladi.
Ikki yarim oy oldin Netanyaxu nur terapiyasi kursini o‘tadi va natijada saratondan butunlay forig‘ bo‘ldi, deya aniqlik kiritdi Bosh vazir devoni.