Suriya rahbari Ursula fon der Lyayenni qo‘l siqishsiz qarshi oldi. Shunga qaramay, YEI mamlakatni tiklashga yordam berishga va’da qildi.
Suriyadagi o‘tish davri prezidenti, islomiy qarashlarga ega Ahmad ash-Sharaa Damashqda Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen va Yevropa kengashi raisi Antoniu Koshta bilan uchrashdi. U avval Germaniya tashqi ishlar vaziri bo‘lgan Annalena Berbokni qanday qarshi olgan bo‘lsa, fon der Lyayenni ham qo‘l siqishsiz kutib oldi. Shunga qaramay, fon der Lyayen va Koshta Suriyani tiklashda Yevropa Ittifoqi yordam berishini, YEI «qo‘lidan kelgan barcha ishni qilajagini» ma’lum qildi. Fuqarolik urushi davrida joriy etilgan YEI sanksiyalari esa allaqachon bekor qilingan.
Biroq ushbu tashrif mamlakatda zo‘ravonlikning yangi avji olish davriga to‘g‘ri keldi. Halab shahrida ash-Sharaa hukumati qo‘shinlari kurdlar nazoratidagi mahallalarni artilleriyadan o‘qqa tutmoqda. Kuzatuvchilar va xalqaro gumanitar tashkilotlar ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgacha taxminan 16 ming nafar tinch aholi qochqinga aylangan, tibbiy muassasalar esa o‘z faoliyatini to‘xtatgan. So‘nggi to‘qnashuvlar davomida bir necha kishi halok bo‘lgan va yaralangan.
To‘qnashuvlarning asosiy sababi — o‘tish davri hukumati bilan kurdlar boshchiligidagi Suriya Demokratik Kuchlari (SDK) o‘rtasida hal etilmagan ziddiyatdir. SDK Suriyaning shimoli-sharqidagi keng hududlarni nazorat qiladi va haligacha o‘z jangchilarini hamda qurol-yarog‘ini yangi Suriya armiyasi tarkibiga qo‘shishdan bosh tortmoqda.
Kurdlar «Al-Qoida» va ISHID kabi terrorchi tashkilotlarga qarshi kurashda G‘arbning asosiy ittifoqchilari hisoblanadi. Endi esa ular Damashqdagi yangi hokimiyat tomonidan bosim ostiga tushgan, YEI rahbariyati esa ushbu hokimiyatni iliq qabul qilmoqda.