Suriyaning yangi rasmiylari Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (MAGATE) inspektorlariga Bashar al-Assad hukmronligi davrida ishlagan shubhali yadroviy inshootlarga zudlik bilan ruxsat berishga rozi bo‘ldi.
Bu haqda MAGATE bosh direktori Rafael Grossi Associated Press agentligiga bergan intervyusida ma’lum qilgan.
Bir kun avval MAGATE rahbari Suriya prezidenti Ahmad al-Shara va tashqi ishlar vaziri Asaad al-Shayboniy bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Tomonlar Damashqda oziq-ovqat xavfsizligi va saraton kasalligiga qarshi kurash sohasida hamkorlikni nazarda tutuvchi anglashuv memorandumini imzoladi.
Grossining so‘zlariga ko‘ra, xalqaro regulyator "o‘tmishda sodir bo‘lgan va yadroviy qurol bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin bo‘lgan ayrim harakatlarga to‘liq oydinlik kiritmoqchi".
MAGATE bosh direktori tekshiruvlar bir necha oy ichida yakunlanishiga umid bildirib, Suriyaning yangi hukumatini "dunyoga ochiqlik va xalqaro hamkorlikka sodiq" deb atadi.