15 iyul kuni Buxoro viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi ekologik nazorat inspeksiyasi xodimlari tomonidan Peshku tumanidagi “Safron” cho‘l massivida navbatdagi reyd tadbiri o‘tkazildi.
Reyd tadbiriga viloyat ekologiya boshqarmasi inspeksiyasi boshlig‘i J.Toshev boshchiligidagi ekologik nazorat inspeksiyasi xodimlari A.Qurbonov, B.Ro‘ziyev, J.Yadgarov, F.Murodov, N.Muxammadiyev va O.Hesenovlar jalb etildi.
Reyd davomida inspektorlar Xorazm viloyatida yashovchi fuqarolar tomonidan (shaxsi noma’lum) “ZIL” rusumli yuk mashinasi bilan cho‘l massivi hududidan noqonuniy ravishda saksovul o‘simligini kesib, yuk mashinasiga ortgan holda cho‘lning ichki yo‘li orqali ketyotganini ko‘rib qolishgan va boshqarmaga tegishli davlat raqami "80 033 ECO" bo‘lgan “JAK” rusumli avtomashina bilan yuk mashinasini ta’qib qilishgan.
Kuzatuv davomida taxminan 110 km masofadan so‘ng yuk mashinasi G‘uzor–Buxoro–Nukus A-380 avtomobil yo‘lining Buxoro viloyatidan Xorazm viloyati yo‘liga chiqib, harakatni davom ettirgan. Shundan so‘ng J.Toshev avtomobil yo‘li bo‘ylab 5 km masofadan so‘ng boshqarma inspeksiyasi xodimlari N.Muxammadiyev va O.Hesenovlarni orqadan kelayotgan boshqa avtomashinalarni nazorat qilish uchun tushirib, o‘zi “ZIL” rusumli yuk mashinasining ortidan kuzatuvni davom ettirgan. U yuk mashinasidan o‘tib ketganida taxminan 200 metr masofada Xorazm viloyatiga tegishli davlat raqami "90 X 780 XX" bo‘lgan oq rangli “ISUZU” rusumli yuk mashinasi yo‘lini to‘sgan. Mashinadan notanish fuqarolar qo‘lida har xil turdagi sovuq qurollar (bita, armatura, temir truba) bilan tushib kelib, boshqarmaning avtomashinasini urib, pachoq qilgan hamda inspeksiya boshlig‘ini har xil nojo‘ya so‘zlar bilan haqoratlashgan. Shundan so‘ng J.Toshev voqea joyidan ketgan.
Bundan tashqari, huquqbuzarlar boshqarma inspeksiyasi xodimlari N.Muxammadiyev va O.Hesenovlarni yuz va tana qismlarining barcha sohasiga urib, turli xil og‘ir tan jarohatlari yetkazishgan (N.Muxammadiyevning oyog‘i singan). Keyin ularni yuk mashinasining bortiga yuklab, o‘zlari bilan olib ketayotgan vaqtda inspektorlar harakatlanayotgan yuk mashinasining orqa bort qismidan o‘zlarini tashlab, qochishga ulgurishgan.
Ayni paytda mazkur holat yuzasidan Xorazm viloyati Tuproqqal’a tumani prokuraturasi tomonidan tergov ishlari olib borilmoqda.