Suriya Idlib viloyatidagi Abu al-Duhur aviabazasiga berilgan zarbadan keyin Isroil bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni to‘xtatdi. Bu haqda Suriya tashqi ishlar vaziri Asad ash-Shayboniy ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Damashq xavfsizlik sohasidagi kelishuv bo‘yicha muzokaralar tez orada qayta boshlanishiga va oxir-oqibat Isroil kuchlarining Suriya hududidan olib chiqilishiga umid qilmoqda.
«Hozir biz Isroilga ishonmaymiz», — dedi vazir. Uning ta’kidlashicha, Isroil Suriya tomoni ushbu ob’ekt Turkiyaning harbiy bazasiga aylantirilmasligi haqida kafolat berganiga qaramay, Abu al-Duhurga zarba bergan.
Shu bilan birga, ash-Shayboniy Suriya Turkiya bilan harbiy tayyorgarlik va mudofaa sohasidagi hamkorlikni davom ettirishini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi keskinlashuvdan oldin Damashq va Tel-Aviv bo‘lajak xavfsizlik kelishuvining deyarli barcha bandlarini yozma ravishda kelishib olgan. Vazirning aytishicha, kelishuv Isroilning hujumlari va Suriyaning ichki ishlariga aralashuvini to‘xtatish, Bashar Asad rejimi qulaganidan keyin bosib olingan Suriya hududlaridan Isroil qo‘shinlarini olib chiqish hamda chegara yaqinida bir nechta xavfsizlik zonalarini tashkil etishni nazarda tutadi.
Ash-Shayboniy, shuningdek, AQSh tomonlarni muzokara stoliga qaytarish maqsadida Isroilga bosim o‘tkazayotganini qo‘shimcha qildi.