O‘zbekiston Superligasining 25-turi "Bunyodkor" va "Mash’al" o‘rtasidagi uchrashuv bilan start oldi. Toshkentliklar hisobda ortda qolganiga qaramay, 2:1 hisobida g‘alaba qozonib, turnir jadvalidagi o‘rnini yaxshiladi.
"Lokomotiv" stadionida o‘tgan bahsning dastlabki daqiqalari mehmonlar uchun omadli kechdi. 11-daqiqada Ergash Ismoilovning uzatmasini Zafar Akramov golga aylantirib, "Mash’al"ni oldinga olib chiqdi.
Biroq "Bunyodkor" tanaffusga qadar vaziyatni o‘z foydasiga o‘zgartirishga erishdi. Avvaliga 18-daqiqada Islom Anvarov hisobni tenglashtirdi, 33-daqiqada esa Shamsiddin Tursunmahammadov mezbonlarni oldinga olib chiqdi. Har ikki golga Amir To‘raqulov assistentlik qildi.
Ikkinchi bo‘limda muborakliklar mag‘lubiyatdan qutulishga harakat qildi. Ammo "qaldirg‘ochlar" himoyada ishonchli o‘ynab, g‘alabali hisobni uchrashuv yakunigacha saqlab qoldi.
Ushbu natijadan keyin "Bunyodkor" 26 ochko bilan 13-pog‘onaga ko‘tarildi. Bor-yo‘g‘i 4 ochkoga ega "Mash’al" esa musobaqa jadvalining oxirgi o‘rnida qoldi.
O‘zbekiston Superligasi. 25-tur
"Bunyodkor" — "Mash’al" — 2:1
Gollar: 0:1 — Zafar Akramov (11), 1:1 — Islom Anvarov (18), 2:1 — Shamsiddin Tursunmahammadov (33).