O‘zbekiston Superligasining 26-turidan qoldirilgan uchrashuv o‘tkazilib, chempionlik uchun kurashda muhim o‘zgarish yuz berdi.
14 noyabr kuni Farg‘onadagi «Istiqlol» stadionida «Bunyodkor»ni qabul qilgan «Neftchi» 4:0 hisobida yirik g‘alabaga erishdi.
Mezbonlar safida Vladimir Yovovich va Jamshid Iskanderov bittadan gol urgan bo‘lsa, Xurshid G‘iyosov dubl qayd etdi.
Ushbu natijadan keyin «Neftchi» 27 ta o‘yinda 64 ochko jamg‘arib, turnir jadvalidagi yetakchiligini yanada mustahkamladi.
Farg‘onaliklarning eng yaqin ta’qibchisi «Paxtakor» 59 ochko bilan ikkinchi, «Navbahor» esa 55 ochko bilan uchinchi o‘rinda bormoqda. Har uchala jamoa 27 tadan uchrashuv o‘tkazgan.
Shu tariqa, chempionat yakuniga uch tur qolganida «Neftchi» ikkinchi o‘rindagi «Paxtakor»dan besh, uchinchi pog‘onadagi «Navbahor»dan to‘qqiz ochkoga o‘zib ketdi.
Endilikda chempionlik poygasidagi e’tibor 20 noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan vodiy derbisiga qaratiladi. Mazkur bahsda «Neftchi» Namanganda «Navbahor» mehmoni bo‘ladi.
Farg‘onaliklar ushbu uchrashuvda g‘alaba qozonsa, ochkolari sonini 67 taga yetkazadi va chempionlik sari yana bir muhim qadam tashlaydi.
Superliga. 26-tur natijalari:
«Qo‘qon-1912» – «Qizilqum» — 0:0
«So‘g‘diyona» – «Buxoro» — 1:1
«Xorazm» – «Paxtakor» — 0:1
«Surxon» – «Nasaf» — 1:1
«Mash’al» – «Dinamo» — 0:3
«Navbahor» – «Andijon» — 1:0
«Lokomotiv» – OKMK — 1:2
«Neftchi» – «Bunyodkor» — 4:0
Superliga. 27 ta o‘yindan keyingi turnir jadvali:
«Neftchi» — 64 ochko
«Paxtakor» — 59 ochko
«Navbahor» — 55 ochko
«Nasaf» — 45 ochko
OKMK — 45 ochko
«Lokomotiv» — 43 ochko
«Buxoro» — 42 ochko
«Dinamo» — 37 ochko
«Qizilqum» — 35 ochko
«Surxon» — 31 ochko
«Andijon» — 31 ochko
«So‘g‘diyona» — 30 ochko
«Xorazm» — 26 ochko
«Bunyodkor» — 26 ochko
«Qo‘qon-1912» — 24 ochko
«Mash’al» — 5 ochko.