AQSh prezidenti bu haqda o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, sun’iy intellektning (SI) kelajagi “radikal so‘llar” tufayli xavf ostida qolmoqda. Tramp uning ma’muriyati SI rivojlanishiga hech qanday tarzda to‘sqinlik qilmasligini yoki to‘xtatmasligini ta’kidladi. U shu tariqa sun’iy intellekt rivojini sekinlashtirish chaqiriqlarini yana bir bor rad etdi.
"SI — navbatdagi sanoat inqilobi yoki internetga o‘xshash hodisa, biroq uning ta’siri bundan-da kengroq. Ehtimol, u mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotining 25 foizigacha bo‘lgan qismini tashkil etishi mumkin", — dedi Tramp.
Shuningdek, u AQShning SI sohasida Xitoydan o‘zib ketishda davom etishini xohlashini aytib, SI kuchlarini IQ ko‘rsatkichi yuqori bo‘lgan shaxs boshqarishini qo‘shimcha qildi.
Avvalroq Anthropic kompaniyasi bosh direktori Dario Amodei SI sanoatini sekinlashtirishga chaqirgan edi. U buni tartibga soluvchi rejalarni ham taqdim etgan. Uning chaqirig‘ini texnologik soha yetakchilari, jumladan, OpenAI bosh direktori Sem Altman, xAI kompaniyasi asoschisi Ilon Mask va Microsoft kompaniyasi asoschisi Bill Geyts qo‘llab-quvvatlagan. Ammo Tramp Xitoyga bundan foyda ko‘rishini aytib, bunga qarshi chiqqandi.