Bill Geyts sun’iy intellektni tarixdagi eng xavfli texnologiya deb atadi.
Microsoft kompaniyasi hammuassisi Bill Geyts sun’iy intellektni «insoniyat tomonidan yaratilgan eng xavfli texnologiya» deb atadi. U CNN telekanaliga bergan intervyusida sun’iy intellekt avtomobillar, samolyotlar yoki giyohvand moddalardan ham kattaroq xavf tug‘dirishini ta’kidlab, AQSh hukumatini uning rivojlanishi ustidan nazoratni kuchaytirishga chaqirdi.
Geytsning fikricha, sun’iy intellektni tartibga solishni faqat texnologik kompaniyalar ixtiyoriga topshirib qo‘yish mumkin emas.
«Jamiyatdagi yagona nazorat mexanizmi sun’iy intellektni ishlab chiquvchi kompaniyalarning o‘zigina bo‘lib qolmasligi kerak», — dedi tadbirkor.
Avvalroq, NBC telekanaliga bergan intervyusida ham Geyts sun’iy intellektning rivojlanishi falokatli oqibatlarga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirgan edi.
«Sun’iy intellekt, shubhasiz, bir milliard insonning o‘limiga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan voqealarni keltirib chiqarish uchun yetarlicha kuchli», — degan u.
Uning fikricha, yangi texnologiyalar kelasi yilning o‘zida xakerlik hujumlari sonining bir necha barobar oshishiga olib kelishi mumkin.
Geyts endi sun’iy intellekt xavfsizligi masalasini AQSh prezidenti Donald Tramp va uning ma’muriyati bilan muhokama qilishni rejalashtirmoqda.