Sun’iy intellekt jahon moliya bozorlarida keskin qulashga sabab bo‘lishi mumkin. Bu haqda The Wall Street Journal xabar berdi.
Nashr o‘z maqolasida AQSh fond bozoridagi so‘nggi yillardagi spekulyativ “mini-pufaklar” va ularning iqtisodiyotga ta’siri tahlil qilingan.
Maqolada aytilishicha, 2008−2009 yillardagi global moliyaviy inqirozdan keyin AQSh fond bozorida spekulyativ pufaklar tez-tez yuzaga kelmoqda.
Biroq ular avvalgidek butun iqtisodiyotni inqirozga olib kelmayapti. Ayrim kompaniya yoki tarmoqlar aksiyalari keskin qimmatlashib, keyin tez arzonlashmoqda, ammo umumiy bozor bunga bardosh bera olyapti.
WSJ maqolasining eng muhim xulosalaridan biri SI bozoriga oid xavflardir. Nashrda yaqin to‘rt yil ichida sun’iy intellekt ma’lumotlar markazlari va infratuzilmasiga qariyb $7 trln investisiya kiritilishi mumkinligi qayd etiladi.
Agar bu ulkan investisiyalar kompaniyalarga yetarli daromad va mehnat unumdorligi o‘sishini ta’minlamasa, SI atrofidagi bugungi optimizm ham navbatdagi yirik moliyaviy pufakka aylanishi mumkin. Ayniqsa, bu investisiyalar tobora ko‘proq qarz hisobidan moliyalashtirilsa, xavf yanada ortadi.
Hozircha SI bilan bog‘liq kompaniyalarning aksariyati daromadli va moliyaviy jihatdan kuchli bo‘lsa-da, investorlarning kutgan natijalari amalga oshmasa, aksiyalar keskin qadrsizlanishi ehtimoli mavjud.
WSJ xulosasiga ko‘ra, AQSh fond bozori so‘nggi yillarda spekulyativ pufaklarni avvalgiga qaraganda yengilroq boshdan kechirmoqda.
Biroq sun’iy intellekt sohasiga yo‘naltirilayotgan ulkan mablag‘lar kutilgan iqtisodiy samarani bermasa yoki qarz yukining oshishi davom etsa, bugungi SI bumining oqibatlari avvalgi mini-pufaklarga qaraganda ancha jiddiy bo‘lishi mumkin.