Qirg‘iziston tezkor shtabi ta’lim va fan vazirligiga mamlakat maktablarida «So‘nggi qo‘ng‘iroq» tadbirlarini onlayn o‘tkazishni tavsiya etdi. Bu haqda 24.kg xabar bermoqda.
Bishkek va O‘sh meriyalari tadbirlarni qanday shaklda o‘tkazishni o‘zlari belgiladi. O‘shda barcha tadbirlar onlayn tarzda bo‘ladi. 24 va 25 may kunlari maktab bitiruvchilarining bayram tantanalari va bazmlar uyushtirishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Bishkekda ham «So‘nggi qo‘ng‘iroq» an’anaviy shaklda o‘tkazilmaydi.
Qirg‘iziston respublika shtabining bildirishicha, aholi orasida yangi kasallanish holatlari aniqlanayotgani va sanitariya talablariga rioya qilinmayotgani sababli epidemiologik vaziyat yomonlashishi ehtimoli saqlanib turibdi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda oxirgi sutkada 308 kishida koronavirus aniqlangan. Jami kasallanganlar soni 102 mingdan oshgan, 1743 nafar bemor vafot etgan.