Sudan BAAning yarim harbiy guruhlarga ko‘rsatayotgan yordami Darfurdagi Masalit xalqiga qarshi zo‘ravonliklarning "asosiy sababchisi" ekanligini ma’lum qildi. BAA esa Sudanni Xalqaro sud organini "noto‘g‘ri qo‘llashda" aybladi.
Sudan payshanba kuni Xalqaro adliya sudi (XAS) hakamlaridan Birlashgan Arab Amirliklarini Darfurdagi harbiylashtirilgan kuchlarni qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatishga va Masalit xalqiga qarshi qotillik hamda boshqa jinoyatlarning oldini olishga majburlovchi shoshilinch farmoyishlar chiqarishni so‘radi.
BAA isyonchilarni qo‘llab-quvvatlaganini rad etib, Sudanning da’vosini asossiz deb topdi.
XAS oldidagi ishlar yillar davomida hal etilishi mumkinligi sababli, sud mamlakatlarga mojaro paytida davom etayotgan vahshiyliklarni to‘xtatish uchun shoshilinch farmoyishlar so‘rashga ruxsat beradi.
Xartum BAAni 2023 yildan beri Sudan armiyasiga qarshi kurashayotgan Tezkor qo‘llab-quvvatlash kuchlari (TQK) nomli harbiylashtirilgan guruhni qo‘llab-quvvatlashda ayblab, XASga sud da’vosini taqdim etdi.
Sudan 2023 yil aprel oyi o‘rtalarida harbiylar va harbiylashtirilgan isyonchilar o‘rtasida qonli to‘qnashuvlar boshlanganidan beri halokatli mojaroga duchor bo‘ldi.
Ham TQK, ham Sudan harbiylari inson huquqlarini buzganlikda ayblangan.
BMTning ma’lumotlariga ko‘ra, urush natijasida 24 mingdan ortiq kishi halok bo‘lgan va 14 milliondan ziyod aholi o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lgan.
Sudan BAA dan "to‘liq tovon" to‘lashni, shu jumladan urush qurbonlariga ham kompensasiya berishni talab qilmoqda.
"BAA tomonidan TQKga ko‘rsatilayotgan bevosita logistik va boshqa yordamlar hozirda sodir bo‘layotgan genosidning, jumladan qotillik, zo‘ravonlik, majburiy ko‘chirish va talon-tarojning asosiy harakatlantiruvchi kuchi bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qolmoqda," dedi Sudan adliya vaziri vazifasini bajaruvchi Muaviya Usmon.
Xalqaro sud majlisi AQSh va Saudiya Arabistoni Sudan armiyasi va harbiylashtirilgan kuchlarini mamlakatdagi mojaroni yakunlash uchun tinchlik muzokaralarini qayta boshlashga chaqirganidan bir kun o‘tib bo‘lib o‘tdi.