Respublikamizning sud-huquq tizimida olib borilayotgan islohotlardan ko‘zlangan asosiy maqsad - fuqarolarda sud va boshqa huquqni muhofaza qilish organlariga jazolovchi organ emas, balki shaxs huquq va manfaatlarini himoya qiladigan organlar sifatida qarashni shakllantirishdan iborat.
Odil sudlov vazifalarining muvaffaqiyatli amalga oshirilishi nafaqat mazkur organlar tomonidan huquq normalariga to‘liq rioya etilishiga, balki ular tomonidan chiqarilgan hukm, hal qiluv qarori, ajrim yoki qarorlarning bajarilishiga ham bog‘liqdir.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 114-moddasiga muvofiq sud hokimiyati chiqargan hujjatlar barcha davlat organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar uchun majburiydir.
Sud hujjatini bajarishdan bo‘yin tovlash, uning ijro etilishiga to‘sqinlik qilish odil sudlov obro‘siga putur, davlat va jamoat manfaatlariga zarar yetkazadi, jismoniy va yuridik shaxslarning buzilgan huquq va qonuniy manfaatlari tiklanishiga qaratilgan faoliyatga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Shu munosabat bilan, Jinoyat kodeksi (bundan buyon - JK) sud hujjatini bajarishdan bo‘yin tovlash va uning ijro etilishiga to‘sqinlik qilish bilan bog‘liq qator jinoyatlar, qaysiki voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlash (JK 122-moddasi), ota-onani moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlash (JK 123-moddasi), mehnat qilish huquqini buzish (JK 148-moddasi birinchi qismi), sud hujjatini ijro etmaslik (JK 232-moddasi), band solingan mulkni qonunga xilof ravishda tasarruf etish (JK 233-moddasi) uchun jinoiy javobgarlikni nazarda tutadi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan 2008 yil 19 noyabrda qabul qilingan, Senat tomonidan 2008 yil 4 dekabrda ma’qullangan "Ijro ishi yuritish takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi Qonunga muvofiq, Jinoyat kodeksining sud qarorlarini bajarmaganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilangan 232-moddasi yangi tahrirda bayon qilindi.
Avvalgi tahrirda "Sud qarorini bajarmaslik", deb nomlangan JKning 232-moddasi bitta qismdan iborat bo‘lib, mansabdor shaxsning sud yoki sudyaning hukmi, hal qiluv qarori, ajrimi yoki qarorini qasddan bajarmasligi yoxud ularning bajarilishiga to‘sqinlik qilishi eng kam oylik ish haqining ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki besh yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi tarzida bayon qilingan edi.
Ushbu moddaning dispozisiyasiga ko‘ra, o‘rganilayotgan jinoyat uchun faqat mansabdor shaxslar javobgarlikka tortilishi nazarda tutilgan bo‘lib, ushbu qilmishni birinchi marta sodir etganlik uchun ma’muriy jazo qo‘llanilishi mumkin emas edi.
Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan qonun asosida Jinoyat kodeksiga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarda esa sud hujjatining bajarilmagani uchun nafaqat mansabdor shaxslar, balki oddiy fuqarolarning ham javobgar bo‘lishi nazarda tutiladi. Bunday o‘zgartish ushbu jinoyatni kvalifikasiya qilish bilan bog‘liq kamchiliklarga barham beradi.
Jinoyat kodeksining yangi tahrirdagi 232-moddasi birinchi qismida muayyan harakatlarni sodir etish yoxud ularni sodir etishdan o‘zini tiyish majburiyatini yuklovchi sud hujjatini bajarishdan bo‘yin tovlashni ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin davom ettirish, shuningdek, sud hujjatining ijro etilishiga to‘sqinlik qilganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.
Mazkur moddaning ikkinchi qismida esa, ushbu qilmishlar mansabdor shaxs tomonidan sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki besh yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoki ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilangan.
Sud hujjatini ijro qilmaslik tergov va sud hokimiyati organlari obro‘yi va faoliyatiga tajovuz qiluvchi odil sudlovga qarshi jinoyatlar sirasiga kiradi.
Sud hujjatlarini bajarmaslik ijtimoiy xavfli qilmish sifatida JKda mustahkamlangani uning jamiyat, aniqrog‘i, hokimiyatlar taqsimlanishining mustaqil bo‘g‘ini, davlat hokimiyatining alohida tarmog‘i, fuqarolar himoyachisi bo‘lmish odil sudlov instituti manfaatlariga jiddiy zarar yetkazishi mumkinligi bilan izohlanadi.
Hukm, hal qiluv qarori, ajrim, qarorni bajarmaslik deganda, ijro etish uchun olingan sud hujjatini amalga oshirish xizmat doirasiga kiruvchi shaxs tomonidan ularni qonunda belgilangan muddatlarda bajarish yuzasidan chora-tadbirlar ko‘rilmasligini tushunish zarur. Masalan, moddiy va mansabdorlik lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilish haqida hukm chiqarilganiga qaramay, uning moddiy va mansabdorlik lavozimni egallab turaverishiga ruxsat berish shular jumlasiga kiradi.
Sud hujjatlarini bajarmaslik jinoiy harakatsizlik bilan sodir etiladi, ya’ni sud qarorini bajarish majburiyati bo‘lgan shaxs qasddan ularni bajarmaydi yoki bajarilishini ta’minlash choralarini ko‘rmaydi.
Sud yoki sudyaning hukmi, hal qiluv qarori, ajrimi, qarorining bajarilishiga to‘sqinlik qilish deganda, shaxsning sud hujjatlarining bajarilmay qolishiga qaratilgan har qanday xatti-harakati tushuniladi.
JKning 232-moddasi birinchi qismi bo‘yicha jinoyatning sub’ekti muayyan harakatlarni sodir etish yoxud ularni sodir etishdan o‘zini tiyish majburiyatini yuklovchi sud hujjatini bajarishi lozim bo‘lgan sub’ekt yoshiga yetgan har qanday shaxslar bo‘ladi. Ikkinchi qismi bo‘yicha esa, jinoyatning sub’ekti faqat mansabdor shaxslar - sud hujjatlarini bajarish vakolatlari doirasiga kiruvchi tashkilot, korxona, muassasalar rahbarlari hisoblanadi.
Tegishli sud hujjatini bajarish uchun qonunda belgilangan muddat tugagan yoxud ularning bajarilishiga to‘sqinlik qilishga qaratilgan harakat sodir etilgan paytdan e’tiboran ushbu jinoyat tamomlangan, deb hisoblanadi.
JKning 148-moddasi birinchi qismida bila turib, g‘ayriqonuniy ravishda ishdan bo‘shatish yoki ishga tiklash to‘g‘risidagi sud qarorini bajarmaslik, shunday qilmishlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilsa, jinoiy javobgarlik qo‘llanilishi belgilangan.
Moddiy yordamga muhtoj bo‘lgan voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxsni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlash, voyaga yetgan shaxslarning mehnatga layoqatsiz va moddiy yordamga muhtoj bo‘lgan ota-onani yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlashi, ishga tiklash to‘g‘risidagi sud qarorini bajarmaslik, aslida, sud hujjatlarini ijro qilmaslikdir. Bundan ko‘rinib turibdiki, JKning 122-, 123-moddalari va 148-moddasi birinchi qismi hamda 232-moddasida aynan bitta jinoyat uchun javobgarlik belgilangan. Bu esa, bitta qilmishning JKning bir nechta moddasi bilan kvalifikasiya qilinishiga olib keladi. Ushbu holat JKning 8-moddasida belgilangan odillik prinsipiga zid hisoblanadi va, o‘z navbatida, tergov organlari va sudlar tomonidan jinoyatni kvalifikasiya qilishda qiyinchiliklarga olib keladi.
JKning 232-moddasida, asosan, fuqarolik ishlari va iqtisodiy nizolari bo‘yicha sudlarning hal qiluv qarorlari, ajrimlari va qarorlari; jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarning hukmlari, ajrimlari va qarorlarining zararni undirishga oid qismi, shuningdek, jarima tariqasidagi jazoni nazarda tutuvchi hukmlari, ajrimlari va qarorlari; ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha sud qarorlarining zararni undirishga oid qismi; hakamlik sudining qarorlarini bajarmaganlik uchun javobgarlik ko‘zda tutilganini va ushbu qarorlarning ijrosini ta’minlash sud ijrochilari zimmasiga yuklatilganini hisobga olib, "O‘zbekiston Respublikasining sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida"gi Qonunining 5-moddasi 11-bandida sud ijrochilarining qarorlari ham ijro etilishi lozim bo‘lgan sud hujjatlari sifatida belgilanganidan kelib chiqqan holda, JKning 232-moddasi dispozisiyasida sud ijrochilarining qarorlarini bajarmaganlik uchun ham javobgarlik belgilanishi kerak deb hisoblaymiz.
Bundan tashqari, "Ijro ishini yuritishning takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi Qonunga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga 198-1-modda (Qarzdorning ijro hujjatini ijro etmasligi), 198-2-modda (Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik), 245-3-modda (O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Sud qarorlarini ijro etish, sudlar faoliyatini moddiy-texnika jihatidan va moliyaviy ta’minlash departamenti organlari) larning kiritilgani ham sud ijrochilari qarorlari bajarilishini ta’minlaydigan huquqiy asoslar takomillashtirilishini taqozo etadi.
Farrux IKRAMOV, Jinoyat ishlari bo‘yicha Peshko‘ tuman sudi raisi
Nurbek RAXIMOV, Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyat sudining bo‘lim boshlig‘i