Bugun 31 may, 2025 yil, shanba

КИР

Sud jurnalist Anora Sodiqovaning da’vo arizasini qanoatlantirishni rad etdi

Sud jurnalist Anora Sodiqovaning da’vo arizasini qanoatlantirishni rad etdi

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumanlararo sudi jurnalist Anora Sodiqovaning Fuqarolik kodeksining 100-moddasi (Sha’n, qadr-qimmat va ishchanlik obro‘sini himoya qilish) asosidagi shikoyatini qanoatlantirmaslik bo‘yicha qaror chiqardi. Bu bo‘yicha «Gazeta.uz» muxbiri xabar bermoqda.

Nashrning yozishicha, jurnalist Anora Sodiqova Mufasa taxallusi bilan tanilgan bloger Mirsaid Haydarov ustidan sudga murojaat kiritgandi. U o‘z murojaatida bloger Mufasa tomonidan ijtimoiy tarmoqlardagi turli anonim kanallarda o‘z sha’ni, qadr-qimmati kamsitilgani va tuhmatga uchragani haqida bayon qilgan.

Mazkur shikoyatni ko‘rib chiqish sudya Dilnoza Shomatova raisligida 26 fevral kuni boshlangan va jarayon yopiq tarzda bo‘lib o‘tishi ma’lum qilingan edi.

28 may kuni bo‘lib o‘tgan sud majlisida sudya Anora Sodiqovaning da’vo arizasini qanoatlantirmaslik bo‘yicha qaror chiqardi.

Suddan so‘ng OAV vakillariga intervyu bergan Anora Sodiqovaga ko‘ra, sudya lingvistik ekspertiza xulosasini tan olmay, jurnalist da’vosini qanoatlantirmagan.

«Mirsaid Haydarov Facebook’dagi sahifasi orqali sha’n va qadr-qimmatim, kasbiy faoliyatimni kamsitib, haqorat qilib, ketma-ket 7 ta post joylagan. Men uning doimiy tarzda yozgan postlari bo‘yicha sudga da’vo arizasi kiritgan edim. Sud tomonidan savollar tayyorlanib, Xadicha Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markaziga yuborilgan edi. Markaz taqdim etgan xulosalarga ko‘ra, Mirsaid Haydarov o‘z postlarida mening sha’nimga nisbatan kamsituvchi, obro‘sizlantiruvchi faktlar aniqlangan. Ammo sudya dalillar yetarli emasligi va ekspertiza markazi qoniqarli xulosa bermaganligi vaji bilan xulosani tan olmadi hamda da’vomni qanoatlantirmadi», — deydi jurnalist.

«Sud jarayoni uch oy davom etgan bo‘lsa, o‘tgan vaqt ichida sudya advokatlarimning fikrlari, iltimosnomalarini inobatga olmadi. Lekin Mirsaid Haydrovning advokatlari bildirgan fikrlar, iltimosnomalarga e’tibor qaratdi va oxirigacha eshitdi, ayrimlarini qanoatlantirdi. Biz sudyaning bunday noxolisligini ko‘rganimizdan so‘ng uni o‘zgartirish bo‘yicha ikki marta sudga raddiya kiritdik. Biroq bu ham inobatga olinmadi va ishni oxirigacha o‘sha sudya ko‘rdi», — deydi Anora Sodiqova.

Uning qayd etishicha, hozir O‘zbekistonda sud tizimi ikki xil standartda faoliyat yuritmoqda.

«Men rahbarlik qiladigan uzdiplomat.uz sayti «Agrobank»da korrupsiya holati kuzatilgani bo‘lishi mumkinligi haqida o‘tgan yili material e’lon qilgandi. Bank iltimosi bilan saytdan olib tashlangan material uchun oradan bir yil o‘tib, «Agrobank» sayt va jurnalistni sudga berdi. Sud raddiya berish va maqolani o‘chirish majburiyatini yukladi. Yana bir misol, yaqinda sud huquq faoli Abdurahmon Tashanovga haqorat va kamsitish yo‘q bo‘lgan posti uchun 50 mln so‘m ma’naviy zarar to‘lash bo‘yicha qaror chiqardi. Ammo men haqimdagi 7 ta postda kamsituvchi va obro‘sizlantiruvchi faktlar borligi davlat ekspertizasi tomonidan tasdiqlansa-da, sudya da’vomni qanoatlantirmadi. Bizning sudlarimiz jabrlanuvchi va ayblanuvchi kimligiga qarab, ikki xil standartda ishlayapti, degan xulosaga keldim», — deydi u.

«Shu vaqtgacha qonun doirasida faoliyat yuritganman. Bundan buyon ham O‘zbekiston qonunlariga rioya qilgan holda jurnalistik faoliyatimni davom ettiraman. Lekin bugungi sud qarori faqat menga emas, buni mustaqil o‘zbek jurnalistikasini yopishga nisbatan qilingan xatti-harakat, deb hisoblayman. Buni jurnalistika sohasi va barcha OAV vakillariga qilingan adolatsizlik, deb bilaman», — deya qo‘shimcha qildi Sodiqova.

Anora Sodiqovaning advokati Ozod Jo‘raboyevning so‘zlariga ko‘ra, Respublika sud ekspertizasi markazi taqdim etilgan materiallarni ob’ektiv o‘rganib, xulosa bergan. Ammo sudya bu ishni bir tomonlama ko‘rib chiqqan.

«Ekspertiza markazi mutaxassislariga juda katta rahmat aytamiz. Chunki ular Mirsaid Haydavroning har bir postini chuqur o‘rganib, detallargacha aniq tahlil qilgan holda xulosa chiqardi. Ekspert 7 ta postning barchasida haqorat, obro‘sizlantirish, ishchanlik obro‘siga putur yetkazish borligini asoslab berdi. Xususan, jurnoja*ab so‘zi haqorat, deb topilgan. Hamma postlar bir-biriga bog‘liq va ular Anora Sodiqovaga qaratilgan, degan xulosa chiqarilgan», — deydi u.

Uning ta’kidlashicha, biroq sudya lingvistik ekspertiza xulosasini nomaqbul dalil, deb topgan.

«Jurnoja*ab so‘zi jurnalistlarga, ayniqsa, ayol jurnalistlarga nisbatan qaratilgan, degan fikrni sudya ham, ekspert ham aytdi. Sudya barcha postlarda va ularning ostiga yozilgan izohlardagi haqoratli, obro‘sizlantiruvchi hamda jurnoja*ab so‘ziga huquqni muhofaza qiluvchi organlar huquqiy baho beradi dedi va bu borada Bosh prokuraturaga xususiy ajrim chiqardi. Bu masalada huquq tartibot organlaridan adolat kutib qolamiz. Masalan, prokuratura organlarining jurnalistlarni himoya qilib, sudga da’vo arizasi kiritishga hamda jurnoja*ab so‘zi uchun ma’muriy ishni jinoyat sudiga chiqarishga vakolati bor», — deydi advokat.

«Axborotlashtirish to‘g‘risida»gi qonunning 12−1-moddasida bloger sahifasiga postni o‘zi yozadimi yoki boshqa shaxslar tomonidan yoziladimi, u biror shaxsni kamsitsa, obro‘sizlantirsa, bu bo‘yicha fuqarolik sudiga murojaat qilish qayd etilgan va blogerga postlarni o‘chirib tashlash majburiyati yuklatilgan. Ammo Mirsaid Haydarov hozirgacha Facebook’da yozgan postlarini ham, ular ostidagi haqoratli izohlarni ham o‘chirmagan. Sudya bu qonun talablarini inobatga olmadi. Vaholanki, bloger 7 ta postning barchasini o‘zi yozganini tan olgandi», — deydi Ozod Jo‘raboyev.

Anora Sodiqova mazkur sud qarori yuzasidan apellyasiya shikoyati berishini ta’kidladi.

Sudda Mirsaid Haydarov emas, uning advokatlari qatnashdi. Ular esa sud binosi hududini shoshilinch tark etgani sababli OAV vakillari intervyu olishga ulgurmadi.

«Gazeta.uz» o‘rgangan sud qarorida ham da’vogar Anora Sodiqovaning javobgar Mirsaid Haydarovga nisbatan uzr so‘rash va raddiya berish majburiyatini yuklash hamda ma’naviy zarar undirish haqidagi da’vo arizasini qanoatlantirish rad qilingani bayon etilgan.

Unda Anora Sodiqova hisobidan davlat foydasiga 750 ming so‘m davlat boji undirilishi qayd qilingan.

Kiritildi: 21:55 28.05.2025. O'qildi: 773 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!