O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov Turkiya Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Shuayib Birindji bilan videomuloqot o‘tkazdi.
Qayd etilganidek, Turkiya tibbiyoti dunyoda yetakchi o‘rinlardan birini egallaydi. Ayniqsa, yuqori texnologik operasiyalar, shoshilinch tibbiy yordam, tibbiy sug‘urta, raqamli tibbiyot va klaster tizimi kabi qator yo‘nalishlarda ushbu qardosh mamlakatdan o‘rganadigan jihatlarimiz ko‘p.
Qolaversa, bu yerda aholining o‘rtacha umr ko‘rish darajasi 78,6 yoshga teng bo‘lib, bu dunyodagi yuqori ko‘rsatkichlardan biridir.
Turkiya sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari bilan videomuloqotda tibbiyot sohasi bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama etildi.
Xususan, mamlakatimizda tibbiyotni raqamlashtirish jarayonini jadallashtirish maqsad qilingan. Tizimda elektron xizmatlar qamrovi oshishi esa aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratadi.
Bundan tashqari, O‘zbekistonda xalqaro tajriba asosida davlat tibbiy sug‘urtasi tizimini bosqichma-bosqich joriy etishga kirishilgan. Birinchi bosqich sinov tariqasida Sirdaryo viloyatida amalga oshirilyapti.
2023 yildan boshlab, bu mexanizm Toshkent shahrida ham yo‘lga qo‘yladi. Shuningdek, yangi tizim Navoiy viloyatida tatbiq etilishi rejalashtirilgan.
Ana shu islohotlar samaradorligini oshirish maqsadida Turkiyadan eng tajribali mutaxassislarni mamlakatimizga jalb qilish maqsad qilingan.
Shu bilan birga, tibbiyot klasterlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish, kadrlar tayyorlash tizimiga ilg‘or o‘qitish metodikalarini tatbiq etish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Muloqot davomida Turkiya Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari SH. Birindji yuqorida keltirilgan yo‘nalishlarda O‘zbekiston bilan o‘z tajribalarini almashishga tayyor ekanligini ma’lum qildi.
Tomonlar kelishuviga muvofiq, yaqin kunlarda turkiyalik yetakchi mutaxassislar mamlakatimizga tashrif buyuradi. Ular yurtimizda sohani raqamlashtirish, tibbiy sug‘urta tizimini keng joriy etish, tibbiyot klasterlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish jarayoniga yaqindan ko‘maklashadi.