Bugun 9 iyun, 2025 yil, dushanba

КИР

SSV: O‘zbekistonda Qozog‘iston tibbiyoti kunlari o‘tkaziladi

SSV: O‘zbekistonda Qozog‘iston tibbiyoti kunlari o‘tkaziladi

Toshkentda Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarov Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash vaziri Akmaral Alnazarova bilan uchrashdi.

Muloqotda ta’kidlanganidek, keyingi yillarda ikki davlat o‘rtasida sog‘liqni saqlash sohasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.

Xususan, qator tibbiyot oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida o‘qituvchi va talabalar almashinuvi, birgalikda ilmiy-tadqiqotlar o‘tkazish hamda soha mutaxassislari malakasini oshirish, mahorat darslari hamda ko‘rgazmali jarrohlik amaliyotlari yo‘lga qo‘yilgan.

2024/2025 o‘quv yilidan Buxoro davlat tibbiyot instituti hamda Qozog‘iston milliy instituti hamkorligida qo‘shma ta’lim dasturi amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari ham Qozog‘istonning nufuzli klinikalari bilan tajriba almashib keladi. Ayniqsa, ona va bola salomatligini asrash yo‘nalishidagi hamkorlik o‘z natijalarini berib kelmoqda.

Qayd etilganidek, farmasevtika sohasida ham aloqalar mustahkamlanmoqda. Jumladan, 2023 – 2024 yillarda mamlakatimizda Qozog‘istonning 149 turdagi dori vositalari, 37 turdagi tibbiy buyumlar va tibbiyot texnikalari, Qozog‘istonda esa o‘zbek ishlab chiqaruvchilarining 98 turdagi farmasevtika mahsulotlari ro‘yxatga olingan.

Ikki davlat o‘rtasida Vaksina sertifikatlarini o‘zaro tan olish to‘g‘risidagi bitim imzolangan.

O‘tgan yil bahorda Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan SHHTga a’zo davlatlar sog‘liqni saqlash vazirlarining 7-yig‘ilishi doirasida ikki mamlakat yetakchilarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Shu yili Jenevada o‘tkazilgan JSST Assambleyasining 77-sessiyasi doirasida ham Asilbek Xudayarov Akmaral Alnazarova bilan muloqot qildi. Joriy yilda esa Ostona shahrida Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar sog‘liqni saqlash vazirlarining beshinchi yig‘ilishi tashkil etildi.

Bu galgi uchrashuvda O‘zbekistonda Qozog‘iston tibbiyoti kunlarini o‘tkazish va uni Orolbo‘yi hududidan boshlash, tibbiyot oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi diplomlarning o‘zaro tan olinishi masalalari muhokama qilindi.

Qolaversa, bolalar onkogematologiyasi, orfan kasalliklarini davolash, kardioxirurgiya, onkologiya, farmasevtika, tibbiy sug‘urta va birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Bundan tashqari, hamkorlikda tibbiyot mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash, malakasini oshirish ishlarini kuchaytirish ham sohani rivojlantirishning asosiy omillaridan biri ekani ta’kidlandi.

Uchrashuv yakunida tomonlar 2025 – 2026 yillarga mo‘ljallangan ikki davlat Sog‘liqni saqlash vazirliklari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha asosiy chora-tadbirlar rejasini imzoladi.

Kiritildi: 19:27 27.05.2025. O'qildi: 784 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!