Bugun 4 may, 2026 yil, dushanba

КИР

SSV: Samarqand viloyat Perinatal markazining kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati o‘rganildi

A A A
SSV: Samarqand viloyat Perinatal markazining kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati o‘rganildi

Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov onalik va bolalikni muhofaza qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar va kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holatini atroflicha o‘rganish maqsadida Samarqand viloyat Perinatal markazida bo‘ldi.

(https://telegra.ph/file/544744675e226987ccc10.png)Vazir dastlab ushbu muassasada yaratilgan shart-sharoitlarni ko‘zdan kechirib, bemorlar va ularning yaqinlari bilan suhbatlashdi.

Uchrashuv davomida yurtimizda reproduktiv salomatlikni muhofaza qilish, muddatidan avval tug‘ilgan go‘daklar uchun ixtisoslashtirilgan reanimasion va intensiv xizmatlarni tashkil etish, kam vaznli chaqaloqlarni parvarish va reabilitasiya qilish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar e’tirof etilib, aholining bu boradagi fikrlari tinglandi.

Ta’kidlash lozimki, 250 o‘rniga mo‘ljallangan Samarqand viloyat Perinatal markazi 2022 yil kapital ta’mirdan chiqarilib, muassasada ginekologiya, homiladorlar patologiyasi, homiladorlikda yuqumli kasalliklar va chaqaloqlar patologiyasi kabi bo‘limlar tashkil etildi.

Shuningdek, homilador ayollarga malakali tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida ushbu shifo maskani va viloyat tug‘uruq majmualari qoshida Samarqand davlat tibbiyot universitetining akusherlik va ginekologiya kafedralari va homilador hamda tug‘uvchi ayollar uchun “Onalar maktabi” faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Markazning laboratoriya bo‘limi zamonaviy klinik-tashxislash jihozlari va reaktivlar bilan ta’minlanib, ayni paytda bu yerda 39 turdagi bioximik, 20 turdagi gematologik, 12 turdagi IFA (immunoferement analizator-Stat Faks 303) kabi laborator tahlillar o‘tkazilmoqda.

Shuningdek, yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlarini bajarish uchun muassasa 11 mlrd so‘m mablag‘ evaziga 14 turdagi zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlangan.

Vazirlik mas’ullari o‘rganish davomida muassasaning kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati, shifo maskanini issiqlik hamda elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlarni atroflicha ko‘zdan kechirdi.

Shuningdek, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha muammo va takliflar tinglanib, bu bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar belgilandi va mavsumni talofatsiz o‘tkazish yuzasidan mas’ullarga zarur tavsiyalar berildi.

Kiritildi: 18:33 25.08.2023. O'qildi: 1452 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!