Prezident milliy chempionatlar saviyasi va sportchilarni tayyorlash tizimini yaxshilash vazifasini qo‘ydi:
"Sport turlari bo‘yicha o‘tkazilayotgan mamlakat chempionatlarining saviyasi tushib ketgan. Eng achinarlisi, bu sohada korrupsiya holatlari ko‘zga tashlanmoqda.
Masalan, sport musobaqalarining hududiy bosqichlari o‘tkazilmasdan, faqatgina ma’lum bir toifadagi sportchilarni respublika bosqichiga olib kelish odatiy holga aylangan. Shu bois chempionatlarimizda kuchli sportchilar juda kam, raqobat deyarli yo‘q.
Sport yo‘nalishidagi vazifalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun sohada birinchi navbatda davlat boshqaruvini yanada takomillashtirish talab etiladi.
A.Aripov bir oy muddatda Turizm va sport vazirligining tuzilmasini qayta ko‘rib chiqish hamda jamoaviy sport musobaqalarini o‘tkazishni takomillashtirish yuzasidan tegishli qaror loyihasini kiritsin.
Olimpiya zaxirasidagi sportchilarning jismoniy, tibbiy va psixologik holati hamda farmakologik ta’minotini yaxshilash, bunda ilg‘or xorijiy tajriba bilan birga, ilmiy yondashuv va xalq tabobatini qo‘llash muhim hisoblanadi.
Sportchilarning jismoniy va ruhiy tiklanishiga yordam beradigan, ularning salomatligi va jismoniy qobiliyatiga ijobiy ta’sir etadigan mahalliy oziq-ovqatlar ro‘yxati hamda optimal ovqatlanish rasionlarini ishlab chiqib, amaliyotga joriy etish lozim.
Olimpiya terma jamoalari sportchilarining ruhiy tayyorgarligiga alohida e’tibor qaratish juda muhim.
Chunki sportchining ruhiy tayyorgarligi, o‘ziga ishonchi qanchalik kuchli bo‘lsa, albatta, natija ham shuncha yaxshi bo‘ladi.
Shu maqsadda Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazida sport psixologiyasi va diyetologiyasi bo‘limlarini tashkil etish lozim".