Qayd etilishicha, qo‘mita tomonidan turizm sohasida uy-joy ijarasi bozorini tartibga solishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqilgan. Hujjat jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan bo‘lib, har kim o‘z taklif va mulohazalarini bildirishi mumkin.
Quyidagi o‘zgarishlar taklif etilmoqda:
— ijaraga berilayotgan turistik dala hovlilar ortiqcha lisenziya va ruxsatnomalarsiz rasmiy hisobga olinadi;
— bunday turar-joylar uchun turistik yig‘im to‘lash talab etilmaydi;
— aholi uchun haqiqiy narxlarni ko‘rish imkonini beruvchi yagona onlayn platforma yaratiladi;
— ijaraga berish to‘g‘risidagi ma’lumotlar ortiqcha qog‘ozbozliklarsiz raqamli servislar orqali avtomatik tarzda uzatiladi;
— turar-joyni noqonuniy ijaraga berish holatlari haqida xabar bergan shaxslarga jarimaning 30 foizigacha miqdorda rag‘bat puli beriladi.
Mazkur tashabbusning asosiy maqsadi – bozorni aniq va shaffof holatga keltirish, halol ijara beruvchilar uchun qulay sharoit yaratish hamda noqonuniy faoliyatni qisqartirishdan iborat, deyiladi (https://t.me/soliqnews/18938) qo‘mita ma’lumotida.