Slovakiya bosh vaziri Robert Fiso AQSh prezidenti Donald Tramp bilan Floridadagi shaxsiy qarorgohida bo‘lib o‘tgan uchrashuvdan so‘ng Yevropa Ittifoqi yetakchilariga Trampning ruhiy holatidan xavotirda ekanini bildirgan. Bu haqda Politico Yevropa diplomatlariga tayanib xabar bermoqda.
Diplomatlardan birining aytishicha, Fiso Tramp bilan bo‘lgan suhbatdan so‘ng o‘zini “ruhiy zarba olgandek” his qilganini bildirgan.
Politico'ga ko‘ra, boshqa manbalar Slovakiya bosh vaziri Tramp bilan shaxsiy uchrashuv chog‘ida uning xatti-harakatlarini “xavfli” deb ta’riflaganini aytgan.
Fiso va yevropalik siyosatchilar o‘rtasidagi suhbat 22 yanvar kuni Bryusselda, Trampning Grenlandiyani egallab olish bilan bog‘liq tahdidlari fonida chaqirilgan YEI favqulodda sammiti doirasida bo‘lib o‘tgan.
Oq uy esa Politico tomonidan keltirilgan ma’lumotlarni “mutlaqo yolg‘on” deb atagan. Oq uy matbuot kotibi o‘rinbosari Anna Kelli Tramp va Fiso o‘rtasidagi uchrashuv “ijobiy va samarali” o‘tganini bildirgan.