O‘zbekiston armiyasi harbiy salohiyat bo‘yicha 145 ta davlat orasida 53-o‘rinda qayd etildi
Global Firepower Index’ning yangilangan reytingida harbiy salohiyati dunyo bo‘yicha eng yuqori baholangan davlatlar Top-10 taligidan AQSH, Rossiya, Xitoy, Hindiston, Janubiy Koreya, Fransiya, Yaponiya, Buyuk Britaniya, Turkiya va Italiya joy olgan.
Ro‘yxatning eng quyi pog‘onasidan Butan, Beliz, Markaziy Afrika Respublikasi kabi mamlakatlar o‘rin olgan.
Reytingga ko‘ra, Markaziy Osiyo davlatlari orasida O‘zbekiston armiyasi harbiy salohiyat bo‘yicha birinchi o‘rinni egallagan. Chegaradosh mamlakatlar: Qozog‘iston 58-o‘rin, Turkmaniston 78-o‘rin, Tojikiston 100-o‘rin, Qirg‘iziston 109-o‘rin, Afg‘oniston esa 121-o‘rinda qayd etilgan.
Sobiq SSSR davlatlari orasida O‘zbekiston uchinchi o‘rinni egallab, faqatgina Rossiya (2-o‘rin) va Ukraina (20-o‘rin) armiyalaridan ortda qoldi.
Mutaxassislar qurolli kuchlarni oltmishdan ortiq parametrlar bo‘yicha baholagan. Ularning asosiylari qatorida mudofaaga mablag‘ sarflanishi darajasi, texnik ta’minot, armiya soni, tanklar, kemalar, samolyotlar va boshqa harbiy texnikalarning miqdori, neft mahsulotlari mavjudligi, davlatning geografik xususiyatlari, ishlab chiqarish va ba’zi resurslar iste’moli, logistik imkoniyatlar kabi mezonlar hisobga olingan.