Irlandiyalik UFC yulduzi Konor Makgregor Telegram asoschisi Pavel Durov haqida o‘ta ta’sirli va keskin bayonot berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hukumatlar dunyo bo‘ylab erkinlik “gaykalarini” tobora qattiqroq burayotgan bir paytda, Telegram ortida turgan asosiy kuch sifatida Durovga hurmat bildirish kerak.
Makgregor Durovni “haqiqiy jangchi” deb atadi va uning yo‘li oddiy biznes-hikoya emas, balki maxfiylik hamda so‘z erkinligi uchun kurash ekanini ta’kidladi. U Telegram asoschisining foydalanuvchi ma’lumotlarini sotish yoki taqdim etishdan bosh tortgani uchun Rossiyadan chiqarilganini, shundan keyin esa aynan maxfiylik tamoyiliga suyangan holda katta platformani barpo etganini esladi.
UFC yulduzining fikricha, bugun Durov Yevropa Ittifoqidagi qator qoidalarni ham ochiq tanqid qilib, innovasiyalarga nisbatan “jazolovchi” yondashuvlarni fosh qilib kelyapti. Makgregor buni “maxfiylikka qarshi urush” deb baholadi va Durovning asosiy ogohlantirishiga urg‘u berdi: erkin internetni yalpi kuzatuv va senzura xavfidan saqlab qolish uchun vaqt tobora kamayib borayapti.
Makgregor, shuningdek, Durovga nisbatan bosimlar kuchayganini ham tilga oldi. Uning aytishicha, hatto Fransiyada hibsga olingani va erkinlik mavzusidagi forumlarda chiqishlari cheklanganidan keyin ham, Durov o‘z pozisiyasidan qaytmagan. Makgregor bu holatni qat’iyat namunasi sifatida ko‘rsatib, Telegram asoschisi zararli kontentni olib tashlash bo‘yicha choralar ko‘rgan bo‘lsa-da, o‘z prinsiplarini “sotmagani”ni ta’kidladi.
Bayonotning eng emosional qismi esa Makgregorning shaxsiy munosabati bo‘ldi. U Durovni “afsona” deb atab, uni “aziz do‘stim va sodiq birodarim” deya ta’rifladi hamda “men sen bilan 100% birgaman” degan fikrni qattiq turib aytdi.
Eslatib o‘tamiz, Pavel Durov 2014 yil aprel oyida Rossiya hukumati tomonidan ukrainalik foydalanuvchilar va namoyishchilar haqidagi ma’lumotlarni topshirish talabi qo‘yilganidan so‘ng, bu talabni bajarishdan bosh tortgani ortidan mamlakatdan chiqarilgan edi. Shu voqeadan keyin Telegram’ning maxfiylikka tayangan siyosatini Durov o‘z brendining asosiy ustuniga aylantirdi.