Rossiyalik muxolifat yetakchisi Aleksey Navalniy qamoqxonada vafotidan oldin zaharlangani ikki davlatdagi laboratoriya tekshiruvlari orqali tasdiqlandi. Bu haqda marhum siyosatchining turmush o‘rtog‘i Yuliya Navalnaya xabar berdi.
Uning aytishicha, Navalniyning biomaterial namunalari yashirin ravishda xorijga olib chiqilib, mustaqil tadqiqotdan o‘tkazilgan. Har ikki laboratoriya ham unda zaharlanish izlari borligini qayd etgan. “Men Vladimir Putinni turmush o‘rtog‘im Aleksey Navalniyning o‘ldirilishida ayblayman. Men Rossiya maxsus xizmatlarini taqiqlangan kimyoviy va biologik qurollar ustida ishlayotganlikda ayblayman”, — dedi Navalnaya.
Yuliya Navalnaya, shuningdek, erining qamoqxonadagi so‘nggi kuniga oid suratlarni ham e’lon qildi. Unga ko‘ra, Navalniy o‘zini yomon his qilgan, qayt qilgan va polga yiqilib, kuchli og‘riqdan shikoyat qilgan. Ammo nazoratchi Aleksandr Belich kamerada bo‘layotgan voqealarga ko‘z yumgan holda eshikni yopib qo‘yganini aytadi.
Ma’lumki, Rossiya qamoqxona xizmati 2024 yil fevralida Navalniy Arktikadagi maxsus tartibli koloniyada sayr qilgach o‘zini yomon his qilib vafot etganini xabar qilgandi. G‘arb davlatlari bu hodisada Kremlni ayblagan bo‘lsa, Rossiya hukumati bunday e’tirozlarni qat’iy rad etgan. Navalniy esa bundan oldin ham bir necha marotaba zaharlanishga urinishlardan omon qolgan edi.