Sirdaryo tumanida mutaxassislar tomonidan AGTKShning gaz hisoblagichini ko‘zdan kechirishga borilganda, shoxobchaning gaz hisoblagichi o‘rnatilgan xonadan noma’lum shaxs qo‘lida har xil kabellar bilan chiqib, ushbu joydan qochib ketgan.
Shundan so‘ng, gaz hisoblagich ko‘zdan kechirilganda hisoblagichning aloqa tarmog‘i uzilmaganligi kuzatilib, hisoblagichga tashqi ta’sir ko‘rsatilgani shubha qilinib, hisoblagich konfigurasiyalarini tekshirtirish uchun yechib olinishi bildirilganda, AGTKSh rahbarlari tomonidan to‘sqinlik qilingan va hisoblagichni yechib olishga qarshilik ko‘rsatilgan.
Shu vaqtda kutilmaganda Sirdaryo tumani IIB tezkor vakili kelib, “O‘zenergoinspeksiya” mutaxassisi A.N.ga tegishli avtomashinani ko‘zdan kechirib, shubhali ravishda noma’lum modda topib, voqeya joyidan mutaxassisni olib ketgan.
Ushbu holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlarga ko‘ra, AGTKSh tegishli shaxslar tomonidan qasddan uyushtirgani aniqlangan.
Qolaversa, tadbir davomida, jamiyatga qarashli gaz hisoblash uskunasini ma’lumotlar bazasiga tashqi ta’sir ko‘rsatilganligi ham aniqlangan.
Dastlabki hisob-kitoblariga asosan davlat manfaatlariga yetkazilgan zarar miqdori 5 mlrd 740 mln so‘mni (2,2 mln m3) tashkil etgan.
Aniqlangan holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar huquqiy baho berish uchun prokuratura organiga yuborilgan.
Ma’lumot uchun, ushbu tadbirkorlik sub’ektida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish takroran sodir etilgan bo‘lib, ya’ni inspeksiya mutaxassisi tomonidan 2024 yilda mazkur AGTKSh rahbariga qarashli Sirdaryo viloyatida joylashgan 2 ta AGTKShda (“S.A.L.” va “M.G.” MCHJlar) tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlarini aniqlab, jami 28,3 mlrd so‘mlik zarar hisob-kitob qilingan.