Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga Yevropa Ittifoqining 2026–2027 yillarda Ukrainaga 90 milliard yevro miqdorida moliyaviy yordam ko‘rsatish qarorini olqishladi.
Vazirning ta’kidlashicha, mazkur qaror Ukraina uchun moliyaviy xavfsizlik kafolatidir. «Rossiya umidlariga qaramay, Yevropaning Ukrainani qo‘llab-quvvatlashi so‘nmaydi. Rossiya aktivlari muzlatilgan holda qolmoqda, Yevropa esa birlashgan va kuchlidir», — deb yozdi u X ijtimoiy tarmog‘ida.
Sibiga, shuningdek, Yevropa diplomatiyasi rahbari Kaya Kallas va YEIga a’zo davlatlarga Ukrainaga ko‘rsatayotgan uzluksiz qo‘llab-quvvatlovi uchun minnatdorlik bildirdi.
Ma’lumot uchun, Yevropa Kengashi mazkur kreditni Yevropa Ittifoqining kapital bozorlaridan qarz jalb etish orqali, YEI byudjeti kafolati asosida taqdim etishga kelishib olgan.