Shvesiya markazidagi Erebru shahridagi bolalar maktabi yonida joylashgan kattalar ta’lim markazida otishma sodir etgan shaxs polisiya ma’lumotlariga ko‘ra o‘ldirilgan, deya xabar beradi VVS.
Shahar polisiyasi rahbari Roberto Eyd Forest voqea natijasida taxminan 10 kishi, jumladan, hujumchining o‘zi ham halok bo‘lganini tasdiqladi. Polisiya qurbonlarning aniq sonini hali e’lon qilmagan.
Otishmachi haqida ma’lum bo‘lgan narsa shundaki, u avval polisiyaga tanish bo‘lmagan va biron bir uyushgan jinoiy to‘daga a’zo yoki aloqador bo‘lmagan. Polisiya hozircha hujumning terrorchilik motivini ham topmagan.
Shoshilinch chaqirilgan matbuot anjumanida Shvesiya Bosh vaziri Ulf Kristersson qurbonlar soni bo‘yicha ta’lim muassasasida sodir bo‘lgan otishma mamlakat tarixida misli ko‘rilmagan hodisa ekanligini aytdi.
Rasmiylar shahar aholisini boshqa hujumlarni kutishga hech qanday asos yo‘qligini, shuning uchun ertaga ertalab bolalarni har doimgidek qo‘rquvsiz maktabga jo‘natish mumkinligiga ishontirdi.
Erebru - aholisi soni bo‘yicha Shvesiyaning oltinchi munisipaliteti bo‘lib, u yerda taxminan 125 mingdan ortiq kishi istiqomat qiladi.
Hodisa mahalliy vaqt bilan soat 13:00 atrofida yuz bergan. Otishma joyiga polisiya, shifokorlar va qutqaruvchilar yuborilgan, rasmiylar aholini hududdan uzoqroqda bo‘lishga chaqirgan.
Voqea joyidan olingan kadrlarda o‘nlab qurollangan polisiyachilar, ko‘plab tez yordam mashinalari va favqulodda xizmatlar avtomobillarini ko‘rish mumkin.