Guruch - xalqimiz ko‘p iste’mol qiladigan mahsulotlardan biri sanaladi. Shu bois yurtimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar doirasida sholichilikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Prezidentimizning 2021 yil 2 fevraldagi “Sholi yetishtirishni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroridan so‘ng sohada sifat o‘zgarishlari yuz berdi, samaradorlik oshdi.
Ma’lumotlarga qaraganda, mamlakatimizda har yili yuz ming gektardan ortiq maydonda sholi ekilib, 520 ming tonnaga yaqin hosil olinadi. O‘z navbatida, 310 ming tonna atrofida guruch ishlab chiqariladi.
Joriy yilda ham aholining guruchga bo‘lgan talabini ta’minlash maqsadida mo‘l hosil yetishtirildi. Quyi Chirchiq tumanida birinchilardan bo‘lib o‘rim - yig‘im ishlariga kirishildi. Shu munosabat bilan tumandagi ko‘p tarmoqli “TST Sluster” klasteriga qarashli “TCT Rice” sholichilik klasterida seminar tashkil etildi.
Ta’kidlanganidek, joriy mavsumda “TCT Rice” sholichilik klasteri tomonidan 2,6 ming gektarda sholining “Lazurniy”, “Alanga”, “Guliston” kabi navlari parvarishlandi. Ayni paytda sholining erta pishadigan “Lazurniy” navi hosili pishib yetildi.
— Keyingi paytda sholichilikda Quyi Chirchiq tajribasi yaratildi, — deydi Oliy Majlis Senatining Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi raisi Bahodir Tojiyev. — Bu davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan qishloq xo‘jaligiga klaster tizimi joriy etilgani samarasidir. Mana shu sholichilik klasterining zamonaviy korxonasi o‘rni yaqin-yaqingacha tashlandiq joy edi. Sholi hosildorligi esa nihoyatda past edi. Sholikorlar faoliyati tarqoq bo‘lgani uchun tuzuk daromad ham olmasdi. Ayniqsa, sholini qayta ishlashda ko‘plab muammolarga duch kelingan. Klaster tomonidan sholi yetishtirish va qayta ishlashning to‘liq “sanoat zanjiri” yaratilgach, hosildorlik oshib, yuqori sifatli guruch ishlab chiqarila boshlandi.
Chindan ham, klasterda hosildorlik yil sayin oshmoqda. O‘rimning birinchi kunida ayrim maydonlarda gektaridan 80 sentnergacha sholi o‘rib olingani buning tasdig‘idir. O‘rtacha hosildorlik esa 60-65 sentnerni tashkil etishi kutilmoqda. Eng asosiysi, intensiv texnologiyalar qo‘llanilib, yangi-yangi tajribalar sinovdan o‘tkazilayotgani muvaffaqiyat omili bo‘lmoqda. Masalan, bu yil g‘alladan bo‘shagan maydonlarning 200 gektariga sholi ekildi.
– Takroriy ekin sifatida sholining tezpishar “Guliston” navi ekildi, — deydi “TCT Rice” sholichilik klasteri rahbari To‘lqin Hakimov. — Suv va o‘g‘it ta’minotida uzilish bo‘lmagani, ekin tobida parvarishlangani tufayli uning rivoji tezlashib, ertapishar sholiga yetib oldi. Ayni paytda boshoqlab, pishib yetilyapti. Hademay, ushbu maydonlarda ham o‘rim-yig‘im ishlari boshlanadi.
Bir so‘z bilan aytganda, sholichilik tarmog‘iga ilg‘or innovasiyalar kirib kelayotgani mahsulot ishlab chiqarish hajmini oshirish, sifatini yaxshilash, muhimi, narx-navo barqarorligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.