Bugun 20 aprel, 2024 yil, shanba

КИР

Shishada cho‘kayotgan umr yoki Qoratog‘dan qulash

Shishada cho‘kayotgan umr yoki Qoratog‘dan qulash

Narxi: 20.000, 30.000, 35.000 so‘m oralig‘ida
Yaroqlilik muddati: bog‘lanib qolsang bir umr…
“To‘xtatishim kerak”, “Bugun to‘xtataman”, “Endi to‘xtatolmayman…” bazan mana shunday siltovlar bilan zoye o‘tayotgan umrlarni kuzata turib, o‘sha narsani yaratgan olim nima uchun o‘zini o‘ldirganiga javob topganday bo‘laman. Bu ta’rif sog‘lom turmush tarziga rahna solayotgan, millionlab oilalarni buzib, ayrim gumrohlarning hayotiga zomin bo‘layotgan spirtli ichimliklar haqida. Biz sog‘lom turmush tarzini qanday yaratish kerakligi va uning ahamiyati haqida ozmi ko‘pmi bilamiz. Bu yo‘nalishda yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlardan ham xabardormiz. Bugun esa, sog‘lom turmush tarziga soya solayotgan zararli odatlar, ularning kelib chiqishi va oldini olish xususida so‘z boradi. Goho “Alkashning qizini kelin qilmayman”, “Alkashning o‘g‘liga qizimni bermayman” kabi gap so‘zlarni eshitib qolamiz. Eshitamz-u, sho‘rlik begunoh farzandda nima ayb? –deya xo‘rsinamiz. Lekin o‘sha yigit yoki qizning otasini peshonasiga “Alkash” degan tamg‘a qachon va nima uchun bosildi, muammoning ildizi qayerda, bular haqida o‘ylab ko‘rmaganmiz. Balki bu “tamg‘a” hayot yo‘lining qaysidir burilishida “harakat”ini yo‘qotgan kimsalarga bosilar… Bir narsa aniqki, hech bir inson onasining qornidan “piyonista” bo‘lib tug‘ilmaydi. Kimlardir to‘qlikdan, kimlardir yo‘qlikdan bu yo‘lni tanlaydi. Ayrimlar esa, qandaydir dard yoki tashvishni unutib, kayf ummoniga g‘arq bo‘lish uchun qadah ko‘taradi. Va alal oqibat qadahlar shishalarga ulanib, qadah tutuvchi o‘sha “ummon”ga cho‘kib g‘arq bo‘ladi. Agar ichkilik insonni g‘am-alamdan forig‘ etib, muammolarni hal etganida edi bu dunyoda baxtsiz inson bo‘lmagan bo‘lardi. “Alkogolizm” kasalligining kelib chiqish sabablariga to‘xtalar ekanmiz, uning oqibatlari , so‘ngi manzili qayergacha borishini ham aytib o‘tish zarur. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) dunyo miqyosdagi alkagol statistikasi bo‘yicha har besh yilda bir marta ushbu muammoni keng tadqiq qiladi. Bu mavzu bo‘yicha so‘ngi tahliliy hisobot 2014-yilda nashr etilgan. Statistika shunday deydi: alkogolizm umumiy qabul qilingan fikrlarga ko‘ra, maqomi, ma’lumoti va daromadi past bo‘lgan ijtimoiy guruhlarga xosdir. Har yili dunyoda o‘rtacha hisobda o‘limning 4% spirtli ichimliklarni haddan tashqari iste’mol qilish natijasida sodir bo‘ladi. Bu 2,5 mln. kishiga to‘g‘ri keladi.
Baxtsiz hodisalar- 29,6%
Ankologik kasalliklar- 21,6%
Jigar sirozi- 16,6%
Yurak qon-tomir kasalliklari- 14%
Boshqa sabablar- 18,2%
Alkogol ichimliklar ta’sirida turli xil jinoyatlar sodir etiladi. Spirtli ichimliklarga qaram bo‘lgan ayollarda ko‘pincha past nasllar tug‘iladi. Ota-onalar ichkilikbozligining tarbiyaviy ta’siri bolalar uchun juda salbiy va oilaning moddiy ta’minoti uchun ham zarardir. Ayniqsa, bu illat jamiyatning ravnaqiga salbiy ta’sir qilib, bu iqtisodiyotdagi tanazzulga va hatto siyosiy inqirozlarga olib kelishi mumkin. Tanganing ikkinchi tomoni bo‘lgani kabi, dunyo aholisining 48% hech qachon spirtli ichimliklarni iste’mol qilmas ekan. Shukurki, biz ichkilikka mukkasidan ketgan xalq emasmiz. Bu albatta bizning milliy mentalitetimiz va insonparvarlik deb nomlangan ezgu fazilatlarimiz mevasi. Qadriyatlarimizda halol va harom degan tushunchalar chegarasi aniq belgilangan. Biroq afsuski, guruch kurmaksiz bo‘lmagani kabi, oramizda xudoga iltijo qabilidagi duosifat so‘zlardan foydalanib, qadah so‘zlari aytguvchilar, davralarda qadah tutgancha “olloh uzoq umr bersin”, “sog‘liging uchun olamiz” deya tilak bildirguvchilar ham yo‘q emas. Naqadar ma’naviyatsizlik: Spirtli ichimlikni iste’mol qilib turib, mustahkam salomatlik tilash… Bu o‘rinda Umar Hayyomning quyidagi ruboiysi esimga tushadi:
“May ichsang oqil-u, dono bilan ich,
Yoki bir gul yuzli zebo bilan ich.
Oz-oz ich, goh-goh ich, ham yashirin ich,
Ezma, rasvo bo‘lma hayo bilan ich.”
Ha, shoirning bu misralari mening yuqoridagi inkor qilganday tuyulishi mumkin. Biroq misralarga te’ranroq nazar soladigan bo‘lsak,
“Ezma, rasvo bo‘lma, hayo bilan ich” misralaridagi chuqur mantiqni anglash mumkin. Ming shukronalar bo‘lsinkim, JSSTning alkogol ichimliklar iste’moli borasidagi hisobotiga ko‘ra, O‘zbekiston eng oxirgi o‘rinlarning birini egallaydi. Biroq bu degani muammoga to‘laligicha barham berildi, degani emas. Zero, yon-atrofimizdagi spirtli ichimlikka mukkasidan ketgan do‘stimizni, yaqinimizni to‘g‘ri yo‘lga, to‘g‘ri hayotga qaytishiga ko‘maklashmas ekanmiz, jinoyatchilik, turli pastkashliklar bolalayveradi. Bu haqida mutaxassislar, alkogolizmga chalingan bemorni davolashdan oldin, bemorning nima sababdan spirtli ichimlik ichishni boshlagani haqida mulohaza yuritish kerak, deya ta’kidlaydilar. Meditsina shunday deydi: spirtli ichimliklardan voz kechish mumkin. Buning asosiy sharti-shifokor tavsiyalaridan foydalanib, bo‘sh vaqtning aniq jadvalini tuzish, spirtli ichimlik dozasi kamaytirilishi va asta-sekin nolga olib kelish zarur. Eng muhimi, og‘ir psixologik vaziyatlarda tushkunlikka tushmaslik. Stress, nafrat va g‘azabni boshqarish. Jismoniy faollik, sevimli mashg‘ulot alkogolizm haqidagi fikrlarni chalg‘itishga yordam beradi. Yana bir usuli- yaqinlaringiz davrasi, sizni tushunadigan odamlar. Ularning yordami ham alkogolizmni yengishda muhim.
Bir insonni taniyman. U ko‘p ichar, ammo uning nima uchun bu qadar alkogol qaramiga aylanib borayotganini hech kim, hatto oila a’zolari ham bilmasdi. U esa, bir stakan aroq ichish uchun mahalladagi aytilgan va aytilmagan to‘ylarga boraverar, xumori tutsa duch kelgan xonadon eshigiga kirib borib tilanchilardek pul so‘rar, butun umri shisha ichiga “cho‘kib” borardi. Yoshi oltmishga yuzlashgan, kap-katta oila boshlig‘ining qilayotgan bu be’mani odatidan ayoli sho‘rlik aziyat chekardi. Nima bo‘ldiyu, aroqxo‘r otaning kenja o‘g‘li ayni navqiron yoshda qandaydir, yurak xastaligiga chalindiyu ishlari chappasiga ketdi. Ro‘zg‘oridan baraka ko‘tarildi. Ko‘plar otasining qilmishi farzandiga urgan deyishadi… Kim biladi, balki rostdan shundaydir. Balki bu haqiqatdan yiroqdir. Ammo bir narsa aniqki, noma’qul va harom qilmish hech qachon yaxshilikka olib kelmaydi. O‘sha sho‘rlik yigit o‘zining xastaligini unutib, otasining “dard”iga davo izlab ko‘p joylarga davolatgani olib bordi. Olib borayapti… To‘g‘ri, kun kelib o‘sha yigit otasini davolatishi, hayotga qaytarishi mumkin, biroq bu kabi, shishaning tubiga “cho‘kib”, “g‘arq” bo‘layotgan boshqa umrlar qachon hayotga qaytadi? Kim qaytaradi?

Aziza MADRAHIMOVA

Manba: kar24.uz

Kiritildi: 06:54 14.11.2019. O'qildi: 2998 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!