O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi hamkorlikning yangi davri boshlandi. Endi ikki davlat o‘rtasida munosabatlar yuqori sheriklik darajasiga ko‘tarilib, uni rivojlantirish bo‘yicha besh yillik dastur amalga oshirilmoqda.
Avvalo, savdo-iqtisodiy va investisiyaviy hamkorlik yanada kengaydi. Xitoy investisiyalari hajmi besh barobar, hamkorlikdagi qo‘shma korxonalar soni esa uch barobar ko‘paydi. Xitoy kompaniyalari va moliyaviy institutlari ishtirokida yuqori texnologiyalar, muqobil energetika, kimyo, mashinasozlik, metallurgiya, elektrotexnika tarmoqlarida, shuningdek, infratuzilmalarni modernizasiya qilish va boshqa yo‘nalishlarda yirik investisiya loyihalari ro‘yobga chiqarilyapti.
Yuqoridagi muhim maqsadli yo‘nalishlar bilan bir qatorda ikki davlat o‘rtasidagi ijtimoiy-gumanitar hamkorlik ham yil sayin mustahkamlanib, kengayib bormoqda. Ayni kunda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida ta’lim almashinuvi kengaymoqda.
Xitoyda o‘zbekistonlik 5 mingga yaqin talaba tahsil oladi. Xitoy har yili O‘zbekistonga xorijda o‘qish uchun 100 ga yaqin davlat stipendiyasi, shuningdek, chet elda ta’lim olish uchun ko‘plab universitetlararo stipendiya dasturlarini taqdim etmoqda. Xitoy tili o‘qituvchilarini O‘zbekistonga yubormoqda va xitoy tili kurslarini ochishni qo‘llab-quvvatlamoqda. Shu bilan birga, ikki davlat universitetlari o‘rtasida yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Bu hamkorlik 23-25 yanvar kunlari Prezidentimizning ushbu mamlakatga tashrifi doirasida tashkil etilgan O‘zbekiston-Xitoy ta’lim forumi ham ikki davlatning ta’lim tizimi yanada yuksalishi, yangi sahifalari ochilishiga xizmat qiladi.
Forum doirasida ikki davlat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida 70 ta ikki tomonlama hujjat imzolandi, 5 ta oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida qo‘shma ta’lim dasturlarini tashkil etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Mazkur qo‘shma ta’lim dasturi asosida o‘zbekistonlik 300 dan ortiq talaba Xitoyning ilg‘or universitetlarida tahsil olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shu bilan birga, o‘zbekistonlik yuzdan ortiq talaba uchun grant dasturlar tashkil etishga kelishildi.
O‘zbekiston va Xitoy oliy ta’lim muassasalari hamkorligi to‘g‘risida Pekin deklarasiyasi qabul qilindi. Deklarasiya doirasida ikki mamlakat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida institusional platforma yaratish, Xitoy—Markaziy Osiyo ta’lim hamkorligi modelini shakllantirish, akademik almashinuv dasturlarini yanada rivojlantirish, qo‘shma tadqiqotlar va innovasion loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Oliy ta’lim muassasalari rahbarlari ishtirokida aniq fanlar, muhandislik, qishloq xo‘jaligi, AKT, gumanitar fanlar, tibbiyot va farmasevtikaga bag‘ishlangan panel sessiyalar bo‘lib o‘tdi. Mazkur sho‘’ba sessiyalarining muhim yo‘nalishlaridan biri “Muhandislik, qishloq xo‘jaligi va axborot texnologiyalari sohalarida hamkorlik” deb nomlanib, unda yurtimizning yetakchi soha universitetlari hamkorlik yo‘nalishlari bo‘yicha taqdimotlari bilan qatnashdi va samarali kelishuvlarga erishildi.
Ta’lim forumida Farg‘ona politexnika instituti Xitoyning ikkita oliy ta’lim muassasasi bilan o‘zaro samarali hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ydi. Shimoliy Xitoy texnologiya universiteti, Shimoliy Xitoy elektr energetikasi universiteti vakillari bilan uchrashuvlarda talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi, professor-o‘qituvchilar malakasini oshirish hamda qisqa va uzoq muddatli stajirovkalar, qo‘shma ilmiy loyihalarni yo‘lga qo‘yish, ma’ruza o‘qish, seminar, mahorat darslari tashkil etish, qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlik shartnomalari imzolandi.
Xitoyning yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan qo‘shma ta’lim dasturlarini joriy qilish borasida ham amaliy natijalarga erishildi. Xususan, Xitoyning Tianjin texnologiyalar universiteti hamda Tianjin xorijiy tillar (fanlar) universiteti bilan professor-o‘qituvchilar va talabalar akademik almashinuvini, qisqa muddatli malaka oshirish va ilmiy stajirovkalarini tashkil etish, hamkorlikda xalqaro va mahalliy loyihalarda ishtirok etish bo‘yicha shartnomalar tuzildi. Bu, o‘z navbatida, institut professor-o‘qituvchilariga xalqaro integrasiya uchun yo‘l ochib, ularning mazkur oliy ta’lim muassasasida tashkil etilgan akademik almashinuv dasturlari, loyihalar, o‘quv kurslari, seminar va konferensiyalarda ishtirok etishiga zamin yaratib beradi. Shuningdek, talaba-yoshlarning mazkur universitetlarda ta’lim olishi, soha bo‘yicha yangi bilimlarga ega bo‘lishi hamda xorijiy tillarni o‘rganishi uchun barcha imkoniyat yaratib berilishi qayd etilgan.
Shimoliy Xitoy texnologiya universiteti tomonidan Farg‘ona politexnika institutiga loyihalar uchun umumiy qiymati yiliga bir million yuangacha bo‘lgan miqdorda investisiya ajratilishi belgilandi. Bu institut olimlarining xalqaro miqyosdagi loyihalarda ishtirok etishini ta’minlaydi.
O‘ktam SALOMOV,
Farg‘ona politexnika instituti rektori,
texnika fanlari doktori