Polisiya Shimoliy Makedoniyadagi tungi klubda sodir bo‘lgan yong‘in bo‘yicha tergov doirasida 10 kishini hibsga oldi, so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 59 kishi halok bo‘ldi, 155 kishi jarohatlandi, deb xabar bermoqda BBC.
Yong‘in shanbadan yakshanbaga o‘tar kechasi Kochani shahridagi Pulse klubida mahalliy vaqt bilan soat 02:30 da sodir bo‘lgan. U yerda 500 ga yaqin odam mashhur mahalliy DNK guruhining konsertiga to‘plangan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘inga pirotexnika vositalaridan foydalanish sabab bo‘lgan.
Shimoliy Makedoniya Respublikasi prokuraturasi matbuot kotibi Bilyana Arsovskaning BBCga aytishicha, fojiaga aloqador bo‘lishi mumkin bo‘lgan 10 nafar gumonlanuvchi, jumladan, klubga lisenziya bergan amaldorlarni hibsga olish uchun order berilgan.
Avvalroq OAV vakillari klub xo‘jayini qo‘lga olingani haqida xabar bergan edi.
Prokuratura vakili, shuningdek, klubning faqat bitta chiqish yo‘li borligini, binoning orqa tomonidagi eshigi qulflangani uchun foydalanish imkonsiz bo‘lganini ham aytdi.
Shuningdek, yong‘in sodir bo‘lgan joyni dastlabki ko‘zdan kechirish chog‘ida bir qancha noaniq holatlar aniqlangan.
— Yong‘in o‘chirish va chaqmoqlardan himoya qilish tizimlarida kamchiliklar mavjud edi, — dedi prokuratura vakili BBCning Newshour dasturida.
Arsovska, shuningdek, o‘sha kuni chiqish qilgan DNK guruhining faqat bitta a’zosi tirik qolganini va u kasalxonaga yotqizilganini aytdi. Guruhning qolgan a’zolari halok bo‘ldi.