Shimoliy Koreya oktyabr oyida bo‘lib o‘tadigan yirik harbiy paradga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Unda Xitoy rahbari Si Szinpin ham ishtirok etishi mumkin. Bu haqda Yonhap xabar berdi.
Parad hukmron Koreya Mehnat partiyasi tuzilganining 80 yilligiga bag‘ishlanadi. Shimoliy Koreya bu sanani 10 oktyabrda nishonlaydi. Odatga ko‘ra, mamlakat har 5 va 10 yilda katta miqyosdagi harbiy paradlar o‘tkazadi. Tayyorlanish alomatlari yoz oylaridayoq sezilgan edi.
“Iyul boshidan buyon Pxenyandagi Mirim aeroporti yaqinidagi tayyorgarlik poligonida sun’iy yo‘ldosh suratlari yordamida shaxsiy tarkib, texnika va transport vositalari aniqlangan”, dedi anonim manba.
Mutaxassislar parad chog‘ida Shimoliy Koreya yangi qurol tizimlarini taqdim etishini kutmoqda. Taxminlarga ko‘ra, ular orasida yangi avlod “Xvason-19” qit’alararo ballistik raketasining “yakuniy versiyasi” ham bo‘lishi mumkin. Shuningdek, takomillashtirilgan “kamikadze” dronlari ham namoyish qilinishi ehtimol qilinmoqda
“Harbiy parad uchun safarbar qilingan kuch va vositalar miqdori avvalgi yillardagidan ko‘proq bo‘lishi mumkin”, deya qo‘shimcha qildi manba.
Shimoliy Koreya oxirgi marta 2023 yil sentyabr oyida mamlakat tuzilishining 75 yilligiga bag‘ishlab yirik tungi harbiy parad o‘tkazgan edi.