Shimoliy Koreya strategik qanotli raketalarni sinovdan o‘tkazdi va AQShni qo‘rqitdi.
Donald Tramp Oq uyga qaytganidan ko‘p o‘tmay, Kim Chen In taxminan 1500 km masofaga uchadigan «dengiz-quruqlik» sinfiga mansub qanotli raketalarini sinovdan o‘tkazdi.
«Koreya Xalq Demokratik Respublikasining (KXDR) harbiy to‘siqlari yanada mukammallashtirilmoqda», — dedi Shimoliy Koreya rahbari.
Shimoliy Koreyaning KCNA propagandistik agentligi e’lon qilgan boshqa bir bayonotda KXDR Tashqi ishlar vazirligi nomidan Janubiy Koreya va AQShni harbiy provokasiyalarda aybladi. Shimoliy Koreya Tramp va AQSh KXDRning suvereniteti, xavfsizligi va manfaatlarini tan olmaguncha, «eng keskin javob qaytarish» bilan tahdid qilmoqda.
Shu bilan birga, yaqinda Tramp Kim bilan yana muloqot qilish istagini bildirgan va uni «aqlli yigit» deb atagan edi. Kim ham yangi uchrashuvni (birinchi uchrashuv 2018 yilda bo‘lib o‘tgan) kutayotgan bo‘lishi mumkin.
Janubiy Koreyadagi Fridrix Naumann jamg‘armasi direktori Frederik Shpor Bild gazetasiga shunday dedi:
«Tramp lavozimga kelganidan so‘ng Kim raketa sinovlarini davom ettirishi kutilgan edi. U o‘zining qat’iyati va qurollarining sifatini namoyish qilishi kerak. <...> Agar Kim muzokaralarga jiddiy yondashayotgan bo‘lsa, u Trampning e’tiborini shu yo‘l bilan tortishga harakat qiladi.»
Hankuk universiteti professori Meyson Richining fikricha, Kim va Tramp o‘rtasidagi muzokaralar oldidan yana bir keskinlik yuzaga kelishi mumkin. Uning ta’kidlashicha, ham Vashington, ham Pxenyan o‘z ta’sir kuchini oshirish uchun tahdidlar, qurol sinovlari yoki harbiy mashg‘ulotlardan foydalanishi mumkin.
«Trampning maqsadi Shimoliy Koreya va Xitoy o‘rtasidagi ittifoqni zaiflashtirish bo‘lishi mumkin. U Xitoyni AQSh xavfsizligiga real tahdid deb biladi», — deydi professor Richi.