"Agentstvo" e’tibor qaratishicha, Checheniston rahbari Ramzan Qodirov 18 kun davomida jamoatchilik oldiga chiqmadi. Checheniston rahbari oxirgi marta 8 yanvarda ommaviy tadbirlarda ishtirok etgani haqida xabar bergan edi. O‘sha kuni Qodirov otasi Ahmad Qodirov xotirasiga bag‘ishlangan yodgorlikning ochilish marosimida qatnashdi, Grozniy shahrining markaziy qismini ko‘zdan kechirdi va IIV bo‘linmalari rahbarlari bilan yig‘ilish o‘tkazdi.
8 yanvardan beri uning faoliyati haqida hech qanday ma’lumot e’lon qilinmadi. Faqatgina 26 yanvar kuni Qodirov "Noxcho" folklor ansambli mashg‘ulotida bo‘lganini ma’lum qildi. Videotasvirda respublika rahbari bo‘m-bo‘sh zalda ansambl rahbari Amina Ahmadova bilan birga o‘tirgan holda ko‘rinadi. Biroq, "Agentstvo" ta’kidlaganidek, bu xabar "konserva" bo‘lishi mumkin - ya’ni, joriy faoliyat tasavvurini yaratish uchun oldindan tayyorlab qo‘yilgan material bo‘lishi ehtimoldan xoli emas.
Qodirovning videodagi kiyimi shubha uyg‘otadi, bu 26 yanvardagi ob-havoga unchalik mos kelmaydigan kiyim edi, o‘sha kuni Grozniyda harorat taxminan +4 daraja atrofida bo‘lgan. Masalan, yanvar oyining boshlarida, xuddi shunday haroratda u kurtka kiyib yurgan edi.
Qodirovning bunday uzoq vaqt jamoatchilik e’tiboridan chetda qolishi ilgari ham kuzatilgan. Jumladan, 2024 yil yanvar oyida ham u 18 kun ko‘rinmagan edi. "Novaya gazeta. Yevropa" nashrining xabar berishicha, 2019 yilda shifokorlar Chechensiston rahbariga oshqozon osti bezi nekrozi tashxisini qo‘yishgan. Bu kasallik uning sog‘ligi tufayli tez-tez ta’til olishiga va muhim tadbirlarni o‘tkazib yuborishiga sabab bo‘lgan.
Nashrning ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil kuzida Qodirov o‘tkir o‘pka yetishmovchiligi bilan kechgan kasallikning kuchayishini boshdan kechirgan. Manbalarning ta’kidlashicha, u Markaziy klinik shifoxonaga yotqizilgan. Inqirozning sababi xavotir va og‘riqni bartaraf etish uchun qo‘llaniladigan "Dormikum" degan tinchlantiruvchi dorining me’yoridan ortiq qabul qilinishi bo‘lishi mumkin. Shuningdek, Qodirovning miyasi MRT tekshiruvi natijalari uning yaqin atrofidagilar orasida jiddiy tashvish uyg‘otgani ham xabar qilingan.