Shimoliy Irlandiyaning bir qator shaharlarida muhojirlarga qarshi ommaviy tartibsizliklar yuz berdi. Namoyishlar Belfast shahrida sudanlik erkakning bir kishiga pichoq bilan hujum qilgani haqidagi xabarlar ortidan boshlangan.
Hodisa aks etgan videolar ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgach, yuzlab namoyishchilar ko‘chalarga chiqqan. Ko‘pchiligi niqob taqqan ishtirokchilar polisiyaga hujum qilgan, avtomobillarga o‘t qo‘ygan va ko‘chalarda tartibsizliklar keltirib chiqargan.
Eng og‘ir vaziyat Belfast shahrida kuzatildi. Shaharning bir nechta hududlarida avtomobillar va turar joy binolariga o‘t qo‘yilgan. Yongan uylar orasida qora tanli oilalar yashagan xonadonlar ham bo‘lgan. Shuningdek, ukrainalik qochqinlar yashagan bir oila ham xavfsizlik nuqtai nazaridan evakuasiya qilingan.
Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, tartibsizlik ishtirokchilari “Chet elliklar chiqib ketsin!” degan shiorlar bilan yurish qilgan, ayrim hollarda uylarning eshiklarini tepib ochishga uringan va derazalarni sindirgan.
Jon Barrouz voqealarni izohlar ekan, tartibsizliklarda asosan yuzini berkitgan o‘smirlar qatnashganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, ular muhojirlar yashaydigan uylarni qidirib, binolar va transport vositalariga zarar yetkazgan.
Mahalliy siyosatchi Kler Xanna esa yuz berayotgan voqealarni “irqiy pogrom” deb atadi. Uning fikricha, ayrim guruhlar odamlarning tashqi ko‘rinishi va kelib chiqishiga qarab nishonga olmoqda.
Tartibsizliklar oqibatida bir qator oilalar uylarini tark etishga majbur bo‘lgan. Ayrim aholi va muhojirlar esa xavfsizlik nuqtai nazaridan boshqa joylarga ko‘chib ketgan. Mahalliy polisiya vaziyatni nazorat qilish uchun qo‘shimcha kuchlarni jalb etgan.