17 iyul kuni qurilish sohasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda tadbirkor Murod Nazarov daraxt kesishga moratoriyni bekor qilish kerakligini aytdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, tadbirkorlar qurilish jarayoniga xalal bergani uchun ayrim daraxtlarni kesishga majbur bo‘lmoqda.
«Toshkent shahri bosh rejasiga tuzatish kiritilyapti. Bundan buyon poytaxtda qurilishlar yo renovasiya, yo rekonstruksiya hududlarida bo‘ladi. Tabiiyki, bo‘sh joy yo‘q. Har bir bino atrofida daraxt bor. Daraxtlarni o‘ylamasdan kesib tashlashgani uchun katta rezonansga olib kelib, moratoriy qo‘yilgandi. Lekin tan olish kerak, bu joylarda hatto rekonstruksiya paytida texnikaga daraxtlar xalaqit beradi. Va qandaydir yo‘llar bilan baribir daraxtlar kesilyapti. Cheklov qo‘yish kerak emas, cheklovlar korrupsiyani kuchaytiradi. Imtiyozlarga ham qarshiman», dedi Nazarov.
Tadbirkor mazkur masalaga yechim sifatida quruvchi kompaniya zimmasiga kesilgan daraxtlar o‘rniga yangilarini ekishni yuklash kerakligini aytdi.
«Har bir quruvchi kompaniya yoki bo‘lmasa uchinchi shaxs «daraxtlar banki» ustida ishlasin. Masalan, biz kelasi yoki undan keyingi yilda taxminan qancha qurilish qilishimizni bilamiz. Taxminan nechta daraxt kesilishi mumkinligini ham hisoblaymiz. Oldindan yangi daraxtlarni ekib qo‘yaylik. Ertaga nechta daraxt kesishga to‘g‘ri kelsa, diametri, ko‘rsatkichlari belgilab qo‘yilsin. Kerak bo‘lsa, uchinchi shaxslar bu bilan shug‘ullansin. Chunki oldindan daraxt ekmagan kompaniya bo‘lsa, daraxtni uchinchi shaxsdan sotib olsin. Natijada daraxt ekishga ham investisiyadek qaraladi. Masalan, Mirobod tumanida kesadigan bo‘lsak, yangi ekilgan daraxtlarni o‘sha tuman balansiga (kesilgan daraxt o‘rniga) o‘tkazib qo‘yaylik. Cheklov bo‘lgandan ko‘ra, shunday mexanizm yarataylik», dedi tadbirkor.
Yig‘ilishda ishtirok etgan Soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Qudbiyev tadbirkor so‘zlariga qo‘shimcha qilib, «Mirobodda 1000 ta daraxt ekkan quruvchi, masalan boshqa joyda 50 ta daraxt kesishi mumkin bo‘lishini» ta’kidladi.