Bugun 19 iyul, 2025 yil, shanba

КИР

Evropa uchun qaysi davlat jiddiy tahdid ekani aytildi

Evropa uchun qaysi davlat jiddiy tahdid ekani aytildi

Evropa xavfsizlik sohasida faqat AQShga suyanib qolmay, o‘z mudofaasi uchun katta miqdorda mablag‘ ajratish yo‘liga o‘tmoqda. Bu haqda Germaniya kansleri Fridrix Mers BBC’ga bergan intervyusida qayd etgan. Siyosatchi, shuningdek, Rossiya Yevropa uchun jiddiy tahdid tug‘dirayotganini ham ta’kidlagan.

“Biz jiddiy tahdid bilan ro‘baro‘ kelmoqdamiz, bu – Rossiyadir. Bu tahdid nafaqat Ukrainaga, balki bizning tinchligimiz, erkinligimiz va Yevropadagi siyosiy tartibga qarshi qaratilgandir”, – deydi Germaniya hukumati rahbari.

Joriy yil 6 maydan e’tiboran Germaniya kansleri lavozimida faoliyat boshlagan Mers saylov kampaniyasi davrida Ukrainani faol qo‘llab-quvvatlagan. Lavozimga kirishganidan to‘rt kun o‘tib, Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer va Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bilan birgalikda poyezdda Kiyevga tashrif buyurgan edi.

Mers, shuningdek, mudofaa uchun xarajatlarni keskin oshirish maqsadida Konstitusiyaga o‘zgartirish kiritishga muvaffaq bo‘lgan.

“Biz u qadar kuchli emasmiz, armiyamiz u qadar kuchli emas. Shu bois biz (mudofaa uchun) ko‘p mablag‘ sarflamoqdamiz”, – degan olmon siyosatchisi.

Mers AQSh rahbariyatining Yevropa o‘z mudofaasi va xavfsizligi uchun juda kam mablag‘ sarflayotganiga doir tanqidiy fikrini dastaklagan.

Fridrix Mers saylov davrida AQSh rahbari Donald Tramp Yevropa taqdiriga befarq ekani haqida gapirgan edi. Germaniya kansleri BBC’ga bergan intervyusida ham Tramp AQShning boshqa prezidentlaridan farqli ravishda Yevropa bilan hamkorlikka u qadar xayrixoh emasligini urg‘ulagan. Siyosatchining fikricha, AQSh tashqi siyosatda Yevropadan Osiyo tomon yuz burmoqda va shu bois ham Yevropa mamlakatlari AQShdan mudofaa sohasida mustaqil bo‘lishga harakat qilishi kerak.

So‘nggi vaqtlarda Yevropaning yetakchi davlatlari AQShga tobelikni kamaytirish, mudofaa bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni kuchaytirishga urinmoqda.

Jumladan, kuni kecha Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer va Germaniya kansleri Fridrix Mers harbiy hujum sodir bo‘lgan taqdirda o‘zaro yordam ko‘rsatish majburiyatlarini o‘z ichiga olgan kelishuvni imzoladi.

Oxirgi paytlarda Rossiyaning Yevropaga ehtimoliy hujumi masalasi tez-tez muhokama qilinmoqda.

Joriy yil iyun oyida NATO bosh kotibi Mark Ryutte Rossiya harbiy mashinasining harakati tobora jadallashayotgani, Moskva uch-besh yil mobaynida NATO davlatlariga hujum qilishga tayyor bo‘lishi haqida bayonot bergandi.

Avvalroq Germaniya federal razvedka xizmati rahbari Bruno Kal G‘arb davlatlari o‘z mudofaa qobiliyatini oshirish borasida qat’iyat ko‘rsatmasa, Moskva NATOga hujum qilishidan ogohlantirgandi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin harb maydonida Ukrainani mag‘lub etgudek bo‘lsa, NATOga qarshi urush ochadi, deb hisoblaydi xavfsizlik bo‘yicha Myunxen xalqaro konferensiyasi rahbari Kristof Hoysgen.

“Putin bir necha bor Covet Ittifoqining parchalanishi va ruslar Rossiyadan chetda qolib ketganini XX asrning katta fojiasi deb atagan. Agar Putin Ukrainada mag‘lub etilmasa, u Moldovaga qadar yoki Boltiq mamlakatlariga qadar kelishini kutishimiz kerak”, – degan Kristof Hoysgen.

Prezident Putin Ukraina tomonidan G‘arb davlatlarida ishlab chiqarilgan qurollar hamda raketalar bilan Rossiya hududiga zarba berilishiga doir muhokamalarga munosabat bildirarkan, yuzaga kelgan tahdidlarga ko‘ra “tegishli qarorlar qabul qilinishi” haqida po‘pisa qilgani ma’lum.

Kiritildi: 18:33 18.07.2025. O'qildi: 1103 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!