Tailandda shaxmat bo‘yicha maktab o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan XVIII Osiyo chempionatida 17 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasida hamyurtimiz Zilola Axtamova bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
31 mamlakatdan kelgan mahoratli shaxmatchi o‘quvchilar ishtirok etgan qit’a chempionatida mamlakatimizning 11 nafar yosh shaxmatchisi o‘z yosh guruhlarida g‘oliblik uchun kurash olib bordi.
9 turdan iborat bahslarda 17 yoshgacha bo‘lgan shaxmatchi qizlar o‘rtasida kurash olib borgan terma jamoamiz a’zosi Zilola Axtamova 4 turda g‘alaba qozondi, 5 turda esa durang natija qayd etdi.
Kecha bo‘lib o‘tgan so‘nggi 9-turda Axtamova qora donalarda xitoylik Yuuyexi Yuu bilan kuch sinashdi. Shiddatli o‘yinda qora donalarda harakat qilganiga qaramasdan, durang natijaga erishdi. Bu uning ochkolari sonini 6,5 taga yetkazib, 39 nafar ishtirokchi orasida 3-o‘rinni egallashiga sabab bo‘ldi.
Ushbu yosh toifasida vetnamlik Nigok Tuong Ming Txai 9-turda oq donalarda qozog‘istonlik Adeliya Ospanovani mag‘lub etib, 7,5 ochko bilan 1-o‘rinni egalladi.
Qayd etish lozimki, chempionat g‘olibi bo‘lgan vetnamlik shaxmatchi qiz musobaqaning 3-turida aynan hamyurtimiz Zilola Axtamovadan mag‘lub bo‘lgandi. 2-o‘rinni qo‘lga kiritgan xitoylik Shunshun Vang ham 6,5 ochko jamg‘ardi.
Chempionatning boshqa yosh toifalarida quyidagi natijalar qayd etildi (hamyurtlarimiz):
15 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar musobaqasida hamyurtimiz Shahzodbek Hamzayev 5 ochko bilan 17-o‘rinni egalladi.
13 yoshli o‘g‘il bolalar bahsida Abdulqodir Bahodirov 5,5 ochko bilan 10-o‘rinni band etdi.
11 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar o‘rtasida Akbarshoh Achilov 6,5 ochko bilan 5-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
9 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar orasida Bahodir Erkinov 4,5 ochko bilan 31-o‘rinda qayd etildi.
Qizlar musobaqalarida:
15 yoshgacha bo‘lganlar orasida Odina Olimova 4,5 ochko bilan 15-o‘rinni egalladi.
13 yoshgacha bo‘lgan shaxmatchilar o‘rtasida Ruqiya Olimova 6 ochko bilan 7-o‘rinni band etdi.
11 yoshli shaxmatchilar bahsida Xolida Muhammadiyeva 4,5 ochko jamg‘arib, 39 nafar ishtirokchi orasida 19-o‘rinni egalladi.
Ko‘rinib turibdiki, mamlakatimiz maktab o‘quvchilari XVIII qit’a chempionatida 31 mamlakatdan kelgan 600 nafarga yaqin tengdoshlari orasida munosib ishtirok etib, kerakli reyting ballarini jamg‘ardi. Bu yurtimizda shaxmatchilarning yangi avlodining kamol topayotganligini yana bir bor isbotladi.