Samarqandda davom etayotgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasida bugun, 23 sentyabr kuni 7-tur uchrashuvlari o‘tkaziladi.
Kunning markaziy bahslaridan birida O‘zbekistonning asosiy erkaklar terma jamoasi Xitoyga qarshi dona suradi. Ushbu to‘qnashuv turnir jadvalidagi vaziyat nuqtai nazaridan alohida ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston shaxmatchilari 6-turda amaldagi chempion Hindistonni mag‘lub etib, ochkolarini 12 taga yetkazgan va yakka peshqadamlikni qo‘lga kiritgan edi.
Xitoy ham navbatdagi tur oldidan yaxshi formada. Jamoa avvalgi bahsda shu paytgacha mag‘lubiyat bilmagan Germaniyadan ishonchli tarzda ustun keldi va 11 ochko bilan peshqadam ortidan ta’qibni davom ettirmoqda.
O‘zbekiston-2 jamoasi esa 7-turda Fransiya bilan kuch sinashadi. Barcha uchrashuvlar soat 15:00 da boshlanadi.
7-turning asosiy juftliklari:
O‘zbekiston — Xitoy
O‘zbekiston-2 — Fransiya
O‘zbekiston-3 — Janubiy Afrika
Armaniston — AQSh
Angliya — Hindiston
Ayollar o‘rtasida:
O‘zbekiston-1 (9 ochko) — Sloveniya (9 ochko)
O‘zbekiston-2 (8 ochko) — Tojikiston (8 ochko)
O‘zbekiston-3 (8 ochko) — Peru (8 ochko)