London shahrida jamoalar o‘rtasida Global Chess League-2024 musobaqasining asosiy bahslari o‘z yakuniga yetdi. Turnirda har birida olti nafar shaxmatchidan iborat 6 ta jamoa ishtirok etdi.
10 ta turdan keyin tarkibida Nodirbek Abdusattorov bo‘lgan «PBG Alaskan Knights» jamoasi 1-o‘rinni, tarkibida Javohir Sindorov bo‘lgan «Triveni Continental Kings» jamoasi esa 2-o‘rinni egalladi hamda ertaga ushbu ikki jamoa finalda o‘zaro kuch sinashadi.
Nodirbekning jamoasi muddatidan oldin finalni naqd qilgan edi. Kechagi muhim bahsda Javohirning jamoasi final yo‘llanmasi uchun Magnus Karlsen sardorligidagi jamoani mag‘lub etdi. Jamoasi yutqazayotgan paytda hal qiluvchi g‘alabani aynan Javohir qo‘lga kiritdi va jamoasini finalga olib chiqdi.
Final bahsi bugun bo‘lib o‘tadi va 2 ta o‘yindan iborat bo‘ladi. Nodirbek Abdusattorov 2-taxtada Vey Yi bilan, Javohir Sindorov esa 6-taxtada Nihal Sarin bilan kuch sinashadi.
Ma’lumot uchun: turnir chempioni bo‘lgan jamoaga 500 ming AQSh dollari (6 shaxmatchi + murabbiy), 2-o‘rinni olgan jamoaga 250 ming dollar mukofot beriladi. Demak, Nodirbek va Javohir jamoalari allaqachon 250 ming dollarni naqd qilib bo‘lishdi, ertaga qaysidir jamoa yarim million dollar olishi mumkin.