Davlatimiz rahbari yuksak unvon, orden va medallarni o‘z egalariga tantanali ravishda topshirdi
"Albatta, bunday ulkan natijalar ortida dehqon va fermerlarimiz, klasterlar, umuman, qishloq va suv xo‘jaligi sohasidagi har bir insonning mehnati, jasorati, fidoyiligi turibdi, desak to‘g‘ri bo‘ladi. Ularning zahmati, mard va olijanob fazilatlari har qancha e’tirof va e’tiborga munosib.
Shuning uchun ham bugun Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni arafasida sizlar bilan ko‘rishib, suhbatlashib, davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlashga qaror qildim”, – dedi Prezidentimiz.
Mukofotlanganlar orasida paxtadan 80-90 sentner, g‘alladan 115 sentnergacha hosil olgan, dalasiga suv tejovchi texnologiyalar va nasoslariga quyosh panelini keng joriy qilgan fermer va klasterlar, meva-sabzavot, chorva, parranda, baliq, asalarichilikda intensiv usullarni qo‘llab, oziq-ovqat xavfsizligi va eksportga katta hissa qo‘shayotgan dehqon, chorvador va eksportchilar bor.
Suv tanqis sharoitda kanallarni betonlash, suvning hisobini joyiga qo‘yib, adolatli taqsimlayotgan irrigasiya-meliorasiya xodimlari va mexanizatorlar, qishloq va suv xo‘jaligiga ilm-fanning yangi yutuqlarini olib kirayotgan, urug‘chilik, naslchilik va agrotexnologiya bo‘yicha innovasiyalar yaratayotgan olimlar ham yuksak mukofotlarga sazovor bo‘ldi.
Paxta, g‘alla va bog‘dorchilikda keskin o‘zgarish qila olgan Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo, Xorazm viloyati hokimlarining qishloq xo‘jaligi bo‘yicha o‘rinbosarlari, Quva, Baliqchi, Do‘stlik, Quyi Chirchiq va Nukus tumani hokimlari ham bor.
Davlatimiz rahbari yuksak unvon, orden va medallarni o‘z egalariga tantanali ravishda topshirdi.