Bugun 27 dekabr, 2024 yil, juma

КИР

Shavkat Mirziyoyev: "Yagona yechim – poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan mustaqil Falastin davlatini tuzishdir"

Shavkat Mirziyoyev: "Yagona yechim – poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan mustaqil Falastin davlatini tuzishdir"

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiy davlatlar tashkiloti Davlat rahbarlari kengashi majlisida nutq so‘zladi. Nutqida siyosiy vaziyatlar tobora jiddiy tus olayotganini ta’kidladi.

"Ming afsuski, Ostona va Shusha shaharlaridagi uchrashuvlarimizdan keyingi vaqt mobaynida global geosiyosiy jarayonlar tobora murakkab tus oldi. Yetakchi davlatlar o‘rtasidagi raqobat va ishonchsizlik muhiti keskin kuchaymoqda, ziddiyat va urush o‘choqlari ko‘payib, turli xavf-xatarlar yanada ortmoqda.

Albatta, bularning salbiy ta’siri va oqibatlarini davlatlarimiz har tomonlama sezib turibdi. Bu muammolar savdo, investisiya, transport, energetika, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalardagi qo‘shma reja va katta loyihalarimizga jiddiy to‘siq bo‘lmoqda, desam, bu – ayni haqiqatdir.

Tashkilotimiz doirasida siyosiy va xavfsizlik masalalarida muloqotlarni tizimli davom ettirish, umumiy manfaatlarimizdan kelib chiqib, xalqaro muammolar bo‘yicha yakdil va aniq pozisiyamizni faol ilgari surish maqsadga muvofiqdir.

Bu o‘rinda gap, eng avvalo, Yaqin Sharqda davom etayotgan adolatsiz urush va kuzatilayotgan ikki yoqlama standartlar haqida bormoqda. G‘azo sektori va Livandagi misli ko‘rilmagan gumanitar fojiani, tinch aholiga qarshi vayronkor hujumlarni, ayniqsa, begunoh bolalar, keksalar va ayollar qurbon bo‘layotganini hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Falastin qochoqlariga yordam berish bo‘yicha maxsus agentligi faoliyatini cheklashga qaratilgan harakatlarni ham keskin qoralaymiz.

Mazkur ko‘p yillik nizoning yagona yechimi – xalqaro me’yoriy hujjatlar va rezolyusiyalarga muvofiq, 1967 yildagi chegaralar asosida, poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan mustaqil Falastin davlatini tuzishdir.

Keyingi hafta Ar-Riyod shahrida o‘tadigan arab-musulmon davlatlari sammitida bu muammoga aniq siyosiy yechim topilishiga umid qilamiz.

Xavfsizlik haqida to‘xtalganda, Afg‘oniston masalasi Tashkilotimiz doirasida doimo diqqatimiz markazida bo‘lishi lozim. Bu borada vazirlar va ekspertlar darajasidagi muntazam muloqot mexanizmini yo‘lga qo‘yish muhimdir.

Afg‘onistondagi o‘tkir muammolarni hal etishda amaldagi hukumatga yordam ko‘rsatish, bu davlatni mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga keng jalb etish, ijtimoiy va infratuzilma loyihalarini ro‘yobga chiqarish masalalari albatta ko‘rib chiqilishi lozim, deb hisoblaymiz", dedi Mirziyoyev.

Kiritildi: 14:19 06.11.2024. O'qildi: 2227 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!