Prezident Shavkat Mirziyoyev 27 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Milliy statistika qo‘mitasining hisoboti bilan tanishdi.
Joriy yil fevral oyida “Statistika ishlarini tashkil etish va yuritish tizimini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident farmoni qabul qilingan edi. Farmonga ko‘ra, Prezident huzuridagi Statistika agentligi Milliy statistika qo‘mitasi sifatida qayta tashkil etildi hamda statistika ishlari samaradorligini yanada oshirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilandi.
Yig‘ilishda o‘tgan davrda amalga oshirilgan ishlar ko‘rib chiqildi.
Jumladan, idoralararo ma’lumot almashinuvi kengaytirilib, 60 ta integrasiya joriy etilgani natijasida hisobot yuklanmasi 27 foizga qisqardi. Shu jumladan, soliq organlarining onlayn-kassa ma’lumotlari, elektr energiyasi va tabiiy gaz iste’moli, qishloq xo‘jaligi ekin maydonlari va hosil to‘g‘risidagi ma’lumotlarni avtomatlashtirilgan holda qabul qilish yo‘lga qo‘yildi.
Yig‘ilishda yalpi milliy mahsulotning nominal hajmini hisoblashni yaxshilash bo‘yicha qilingan ishlar yuzasidan axborot berildi.
Bozor xizmatlari, qurilish, qishloq xo‘jaligi, sanoat va byudjet xarajatlarini statistika bilan yanada kengroq qamrab olish natijasida qo‘shimcha 81 trillion so‘m qo‘shilgan qiymat inobatga olinib, 2024 yil yakunlari bo‘yicha YAIM hajmi 115 milliard dollardan 121,4 milliard dollarga oshdi.
Shu bilan birga, yashirin iqtisodiyot ulushi 2017 yildagi 50 foizdan 2024 yilda 35 foizgacha kamaygani ta’kidlandi. Yaqin istiqbolda yana 79 trillion so‘mlik norasmiy iqtisodiyotni statistika bilan qamrab olish, yashirin iqtisodiyot ulushini 29 foizgacha tushirish imkoniyati mavjudligi ma’lum qilindi.
Prezidentimiz global bozorda elektron savdo hajmi jadal o‘sayotganini ta’kidladi. Mamlakatimizda bu sohaning o‘sish sur’atlari 9-11 foizga yetishi kutilmoqda. Shuningdek, axborot texnologiyalari va masofaviy xizmatlar, frilans kabi yangi sohalar tez rivojlanyapti. Milliy statistika tizimi oldida bu sohalarni ham qamrab olish bo‘yicha muhim vazifalar turgani ko‘rsatib o‘tildi.
Iste’mol narxlari indeksini tuzishda ma’lumotlarni qo‘lda yig‘ish amaliyotidan voz kechib, AT va sun’iy intellekt texnologiyalariga bosqichma-bosqich o‘tish zarurligi ta’kidlandi.
Milliy statistikani zamonaviy va xalqaro darajada tan olinadigan tizimga aylantirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Xalqaro “Deloitte” konsalting kompaniyasi tomonidan 23 ta tashabbus va 70 ta loyiha ishlab chiqilgani aytildi. Ularni bosqichma-bosqich amalga oshirish statistikaning aniqligi, tezkorligi va shaffofligini oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi. Bundan tashqari, Jahon banki bilan birgalikda 2030 yilgacha bo‘lgan davrda statistikani rivojlantirish milliy strategiyasi ishlab chiqilmoqda.
Kelgusi yil yanvar oyida boshlanadigan aholini ro‘yxatga olish ishlariga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi.
Hozirgacha 9008 ta mahalla bo‘yicha tashkiliy rejalar tasdiqlandi, ro‘yxatga olishda ishtirok etuvchi 60 ming nafardan ziyod “mahalla yettiligi” vakillari va mas’ul xodimlari uchun maxsus o‘quv kurslari o‘tkazildi.
Ro‘yxatga olish elektron shaklda – maxsus portal orqali o‘tkaziladi. Ma’lumotlar portalga ro‘yxatga oluvchilar tomonidan uyma-uy yurib, planshet qurilmalari yordamida kiritiladi. Jarayonlar geoaxborot tizimi orqali monitoring qilib boriladi. Buning uchun ro‘yxatga olinadigan xonadonlar va turar joylarning geomanzillari shakllantirildi.
Davlatimiz rahbariga hududlarda bu boradagi ishlarning tayyorgarlik holati yuzasidan hisobot berildi.
Ro‘yxatga olish jarayonlarini yanada takomillashtirish yo‘llari, shu jumladan, raqamli platformalardan foydalanish ko‘nikmalarini oshirish, xorijga ishlash, o‘qish yoki xizmat safariga ketgan fuqarolarni ro‘yxatga olish, uyma-uy va onlayn to‘plangan ma’lumotlarni integrasiya qilish bo‘yicha aniq yechimlar ishlab chiqish zarurligi qayd etildi.
Prezidentimiz aniq, tezkor va ishonchli statistika davlat siyosatini belgilash, iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarni amalga oshirishning muhim omili ekanini qayd etib, sohani strategik yondashuv asosida transformasiya qilishni davom ettirish topshirildi.
Mutasaddilarga aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirlarini yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.