O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1 iyun kuni milliy statistika sohasini takomillashtirish chora-tadbirlari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.
Statistika tizimi qanchalik haqqoniy va ochiq bo‘lsa, islohotlar shunchalik to‘g‘ri va natijador bo‘ladi. Shu maqsadda so‘nggi uch yilda qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, inflyasiyani hisoblash usuli xalqaro standartlarga moslashtirildi, kuzatuvdagi tovarlar tarkibi kengaytirildi. Davlat byudjeti, tashqi qarz, oltin zaxirasi va tabiiy boyliklar haqidagi moliyaviy-iqtisodiy ko‘rsatkichlar ochiq e’lon qilinmoqda.
Yig‘ilishda hududlar va tarmoqlar statistikasini o‘zaro muvofiq shakllantirish, ularni yagona xalqaro statistika tizimi bilan uyg‘unlashtirish masalalari muhokama qilindi.
Ishsizlikni aniqlashni Xalqaro mehnat tashkiloti standartlariga to‘liq moslashtirib, so‘rov o‘tkazish tartibini takomillashtirish va qamrovni kengaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Sog‘liqni saqlash tizimida kasalliklarni davolash xarajatlari bo‘yicha xalqaro hisob mexanizmi joriy etilishi belgilandi. Busiz tibbiy sug‘urtani amaliyotga kiritib bo‘lmaydi.
Vazirlar Mahkamasi, Davlat statistika qo‘mitasiga ta’lim, qishloq xo‘jaligi, tashqi savdo, transport, qurilish, ekologiya, turizm va yana qator sohalar statistikasini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
Davlat idoralarining statistikani shakllantirish jarayonini audit qilish bo‘yicha ham ko‘rsatma berildi.
Jahon ma’lumot bazalarida O‘zbekistonning tarmoq indikatorlari to‘liq aks etmagani achinarli hol. Shu munosabat bilan, mutasaddilarga mehnat, energetika, qishloq xo‘jaligi, ta’lim kabi sohalar bo‘yicha xalqaro bazalarda mamlakatimiz ko‘rsatkichlarini to‘kis aks ettirish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Yana bir muammo shundaki, statistik kuzatuv ma’lumotlarining yarmi qog‘oz shaklida to‘planmoqda. Ularni tahlil qilishda 20 yil avval joriy etilgan dasturiy ta’minotdan foydalanilmoqda. Soliq va statistika idoralari o‘rtasida avtomatlashgan axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yish orqali inflyasiyani hisoblash xarajatlarini keskin qisqartirish mumkin.
Shundan kelib chiqib, tarmoqning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash hamda dasturiy ta’minotni yangilash, soliq, mehnat, moliya sohalarida statistik ma’lumotlarni yig‘ish va qayta ishlashning integrasiyalashgan tizimini joriy etish vazifasi qo‘yildi.
Bugungi kunda Markaziy bank, Moliya vazirligi va huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning sohadagi faoliyati muvofiqlashtirilmaydi. Aslida esa, statistik ko‘rsatkichlarning 40 foizi ushbu idoralar tomonidan shakllantiriladi.
Shu bois bu boradagi qonunni va 17 yil avval tashkil etilgan Statistika kengashi faoliyatini takomillashtirish, xalqaro talablar asosida mustaqil statistika tizimini yaratish zarurligi ta’kidlandi.
Ma’lumki, mustaqillik yillarida mamlakatimizda aholini ro‘yxatga olish o‘tkazilmagan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 5 fevraldagi farmonida 2022 yilda aholini ro‘yxatga olish o‘tkazilishi belgilangan edi. Joriy yil 16 martda “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi.
Davlatimiz rahbari aholini ro‘yxatga olish statistikani shakllantirishda asosiy manba ekani, bunga hozirdan puxta tayyorgarlik ko‘rish kerakligini ta’kidladi.
Statistika qo‘mitasida maxsus bo‘linma tashkil etib, xorijlik ekspertlarni jalb qilish, qo‘mita huzuridagi Kadrlar malakasini oshirish instituti faoliyatini takomillashtirib, aholini ro‘yxatga olishda qatnashadigan barcha mutaxassislarni o‘qitish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Yig‘ilishda kadrlar masalasiga alohida to‘xtalib o‘tildi. So‘nggi 5 yilda 318 nafar bakalavr va 33 nafar magistr tayyorlangan bo‘lib, statistika idoralarida ularning 10 foizi ishlamoqda, xolos. Tizimdagi xodimlarning 2 foizigina statistika bo‘yicha oliy ma’lumotga ega. Shuningdek, 30 yil davomida atigi 1 nafar fan doktori, 11 nafar fan nomzodi ilmiy ish yoqlagan.
Shu bois kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish va statistika fanini rivojlantirish, sohada mehnatga haq to‘lash tizimini qayta ko‘rib chiqish zarurligi ta’kidlandi.
Yig‘ilishda Jahon banki ekspertlari bilan birgalikda ishlab chiqilgan Statistika tizimini rivojlantirish strategiyasi taqdimoti o‘tkazildi. Davlatimiz rahbari uni takomillashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.