Shavkat Mirziyoyev 4 iyun kuni Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov bilan telefon orqali muloqot qildi.
Suhbat avvalida davlat rahbari Qirg‘iziston prezidenti va qardosh xalqini mamlakatning 2027-2028-yillarda BMT Xavfsizlik kengashining doimiy bo‘lmagan a’zosi etib saylangani munosabati bilan tabrikladi.
O‘zbekiston yetakchisi mazkur muvaffaqiyat Qirg‘izistonning faol tashqi siyosati hamda mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlashga qo‘shayotgan salmoqli hissasi xalqaro hamjamiyat tomonidan yuksak e’tirof etilayotganining yorqin ifodasi ekanini ta’kidladi. Tomonlar xalqaro maydonda yaqindan muvofiqlashtiruv va o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladi.
Suhbat chog‘ida davlat rahbarlari O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlari bugungi kunda yuksak darajaga ko‘tarilganini qayd etdi.
Oliy darajadagi uchrashuvlar davomida erishilgan, eng avvalo, iqtisodiyot, transport, energetika sohalarida, madaniy-gumanitar yo‘nalishdagi kelishuvlarning amaliy ijrosini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Yetakchilar bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlar rejasini ham ko‘rib chiqdi.