Bugun 3 iyun, 2026 yil, chorshanba

КИР

Toshkentda 40 ta yoqilg‘i quyish stansiyasi quriladi

Toshkentda 40 ta yoqilg‘i quyish stansiyasi quriladi

Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi poytaxtda soddalashtirilgan tartibda amalga oshiriladigan davlat-xususiy sheriklik loyihalarining manzilli ro‘yxatini tasdiqladi. Bu haqdagi qaror 26 may kuni qabul qilingan.

Qarorga ko‘ra, Toshkentning turli tumanlarida avtomobillar uchun zamonaviy yoqilg‘i quyish shoxobchalarini qurish, shuningdek, xiyobonlar, yashil bog‘lar va avtoturargohlar tashkil etish bo‘yicha jami 43 ta loyiha amalga oshiriladi. Loyihalar Sergeli, Bektemir, Chilonzor, Yangihayot, Mirzo Ulug‘bek, Yashnobod, Olmazor, Uchtepa va Yunusobod tumanlarini qamrab oladi.

Tasdiqlangan ro‘yxatga ko‘ra, 40 ta manzilda zamonaviy yoqilg‘i quyish stansiyalarini barpo etish rejalashtirilgan. Ularning aksariyati yirik avtomobil yo‘llari va mahallalar hududlarida joylashadi. Loyihalar 10 yil muddatga davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, uchta manzilda boshqa infratuzilma loyihalari ham nazarda tutilgan. Xususan, Olmazor tumanidagi Jiydali mahallasida food court va sport maydonchalarini o‘z ichiga olgan majmua tashkil etilishi rejalashtirilgan. Chilonzor tumanining Beshqo‘rg‘on va Katta Do‘mbirobod mahallalarida esa avtoturargohlar barpo etilishi ko‘zda tutilgan.

Hujjatga muvofiq, DXSh ob’ektlari joylashadigan yer uchastkalarida ishlarning shaharsozlik normalari va amaldagi qonunchilik talablariga muvofiq amalga oshirilishi ustidan nazorat o‘rnatiladi. Qaror ijrosini nazorat qilish Toshkent shahar kengashining tegishli doimiy komissiyasi hamda poytaxt hokimining birinchi o‘rinbosari zimmasiga yuklatilgan.

Kiritildi: Bugun 18:31. O'qildi: 293 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!