9 iyun kuni Ispaniyada bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan Kongo Demokratik Respublikasi va Chili o‘rtasidagi o‘rtoqlik o‘yini bekor qilindi.
La-Linea-de-la-Konsepsyon shahri meri Xuan Franko Kongo Demokratik Respublikasida Ebola virusi avj olishi sababli o‘yinni taqiqlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
Merning so‘zlariga ko‘ra, qaror sog‘liqni saqlash xavfsizligi nuqtai nazaridan, Sog‘liqni saqlash vazirligining tavsiyalari va shahar sog‘liqni saqlash xizmati xulosalari asosida qabul qilingan.
«Biz bu qarorni qabul qilishga majbur bo‘lganimizdan afsusdamiz, chunki o‘yin shahar uchun qiziqarli edi. Biroq, Kongodagi sog‘liqni saqlash holati va taqdim etilgan hujjatlar hech qanday xavf yo‘qligiga to‘liq kafolat bermaydi. Shuning uchun biz buni eng oqilona qaror deb bilamiz», — deya Frankoning so‘zlarini keltiradi Mundo Deportivo.
Ayni paytda, Kongo Demokratik Respublikasi terma jamoasi 2026 yilgi Jahon chempionatiga tayyorgarlikni davom ettirmoqda. 3 iyun kuni jamoa Belgiyaning Lej shahrida Daniyaga qarshi o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, Kongo DR terma jamoasi o‘z tarixida ikkinchi marta va 1974 yildan beri birinchi marta Jahon chempionatida ishtirok etadi. Ispaniya rasmiylari avvalroq o‘yin uchun mumkin bo‘lgan xavfsizlik choralarini o‘rganayotganliklarini bildirishgan va FIFA Kongo DR Futbol Federasiyasi bilan tibbiy protokollar va sanitariya talablari bo‘yicha doimiy aloqada.
Eslatib o‘tamiz, 2026 yilgi Jahon chempionati guruh bosqichida Kongo DR terma jamoasi K guruhida Portugaliya, Kolumbiya va O‘zbekistonga qarshi o‘ynaydi.