Bugun 30 sentyabr, 2025 yil, seshanba

КИР

Shavkat Mirziyoyev Ismoil Jo‘rabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi

Shavkat Mirziyoyev Ismoil Jo‘rabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi

2025 yil 28 sentyabr kuni Suv xo‘jaligi vaziri maslahatchisi Ismoil Jo‘rabekov 94 yoshida vafot etdi. Shu munosabat bilan mamlakat rahbariyati, jumladan prezident Shavkat Mirziyoyev, bosh vazir Abdulla Aripov, Senat raisi Tanzila Norboyeva va Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri Nuriddin Ismoilov hamdardlik bildirdi.

“Ismoil Jo‘rabekov mo‘tabar yoshda bo‘lishiga qaramasdan suv xo‘jaligi vazirining maslahatchisi sifatida xizmat qilib, o‘zining boy bilim va tajribasi, qimmatli maslahatlari bilan sohani rivojlantirish, yosh kadrlarni tarbiyalash ishlarida faol ishtirok etdi. Taniqli davlat va jamoat arbobi, samimiy va kamtarin inson, yoshlarning mehribon ustozi Ismoil Jo‘rabekovning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi”, deyiladi hamdardlik matnida.

Ismoil Jo‘rabekov 1931 yil 12 sentyabrda Samarqand shahrida ishchi oilasida tug‘ildi. O‘rta maktabni tugatganidan so‘ng Toshkent irrigasiya va qishloq xo‘jaligini mexanizasiyalash muhandislari institutida muhandis-gidrotexnik mutaxassisligi bo‘yicha ta’lim oldi. Mehnat faoliyatini 1955-yilda Samarqand viloyatining Pastdarg‘om tumanidagi 8-jamoa xo‘jaligida muhandis-gidrotexnik sifatida boshladi. Keyinchalik ushbu tumanda Sug‘orish markazi boshlig‘i, O‘zbekiston suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Samarqand viloyati qurilish-montaj boshqarmasi boshlig‘i, “Suvqurilish” tresti boshqaruvchisi, suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari, meliorasiya va suv xo‘jaligi vaziri kabi mas’ul lavozimlarda samarali mehnat qilib, respublikamizda irrigasiya va meliorasiya sohasini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shgan.

1985-yilda O‘zbekiston Vazirlar Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi. Mustaqillik ilk yillarida bosh vazirning birinchi o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritgan. Jo‘rabekov Davlat suv nazorati boshlig‘i, prezidentning davlat maslahatchisi lavozimlarida ham samarali faoliyat olib borgan.

Ismoil Jo‘rabekov “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan irrigator” faxriy unvoni, “Mehnat shuhrati”, “Do‘stlik”, “Fidokorona xizmatlari uchun”, “El-yurt hurmati”, “Buyuk xizmatlari uchun” ordenlari bilan mukofotlangan.

Kiritildi: 18:09 29.09.2025. O'qildi: 842 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!