Bugun 20 aprel, 2026 yil, dushanba

КИР

Shavkat Mirziyoyev Davlat va jamoat arbobi Rim Abdulovich Giniyatullinning vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi

Shavkat Mirziyoyev Davlat va jamoat arbobi Rim Abdulovich Giniyatullinning vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi

Davlat va jamoat arbobi, mehnat faxriysi Rim Abdulovich Giniyatullin shu yilning 19 aprel kuni 83 yoshida vafot etdi.

Rim Giniyatullin 1943 yil 18 sentyabrda Jizzax viloyatining Zomin tumanida tug‘ildi. 1963 yilda Toshkent irrigasiya va qishloq xo‘jaligini mexanizasiyalash institutini (hozirgi “Toshkent irrigasiya va qishloq xo‘jaligini mexanizasiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti) muhandis-gidrotexnik yo‘nalishi bo‘yicha tugatdi. Mehnat faoliyatini O‘zbekiston qurilish vazirligida oddiy ishchi sifatida boshlab, keyinchalik ushbu vazirlikda usta, bosh muhandis vazifalarida xizmat qildi. U O‘zbekiston suv xo‘jaligi vazirligida boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari, bosh boshqarma boshlig‘i, suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari, Davlat reja qo‘mitasi raisining o‘rinbosari, Davlat agrosanoat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari lavozimlarida ishlab, katta bilim va tajriba orttirdi.

Mohir tashkilotchi rahbar 1989–1996 yillarda meliorasiya va suv xo‘jaligi vaziri, 1996–1997 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari kabi mas’ul lavozimlarda fidokorona mehnat qilib, mamlakatimizda suv va qishloq xo‘jaligi tarmoqlarini rivojlantirish orqali yurtimizning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shdi.

R.A.Giniyatullin Orolni qutqarish Xalqaro jamg‘armasida turli rahbarlik vazifalarida ishlab, dengizning qurishi bilan bog‘liq salbiy oqibatlarni yumshatish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqishda jonbozlik ko‘rsatdi.

Umrining so‘nggi yillarida u Yangi O‘zbekistonni barpo etish jarayonlarida, xususan, ko‘pmillatli jamiyatimizda tinchlik, mehr-oqibat, bag‘rikenglik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, keksalar va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash, yoshlarni Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda faol ishtirok etdi.

Rim Giniyatullinning mamlakatimizni taraqqiy ettirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan irrigator”, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi” faxriy unvonlari, “Mehnat shuhrati” va “Do‘stlik” ordenlari bilan mukofotlandi.

El-yurtimiz o‘rtasida obro‘-e’tibor topgan tajribali rahbar, yoshlarning mehribon ustozi, samimiy va kamtarin inson Rim Abdulovich Giniyatullinning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.

SH.Mirziyoyev, T.Norboyeva, N.Ismoilov, A.Aripov, S.Turdiyev

Kiritildi: Bugun 16:15. O'qildi: 463 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!