O‘tgan yil Angrenda 110 ming tonna quvvatli kaolin zavodi ishga tushgani uchun keramika, chinni, sanfayans chiqarish ham rivojlanayapti.
"Sanoat uchburchagi"ga kiruvchi tumanlarda keramogranit, keramik plita va chinni idish chiqarish bo‘yicha yana 120 million dollarlik 7 ta loyihani joylashtirish mumkin.
Piskent tumanida mahallalardagi 500 ta xonadonda chinniga badiiy bezak berishni yo‘lga qo‘yish mumkin bo‘lsa, Angren shahrida karton zavodi quvvatini 1,5 karra oshirib, keramika buyumlari uchun qadoq yetkazib berishni tashkil qilsa bo‘ladi.
Piskentdan o‘tadigan A-373 yo‘li bo‘yidagi 488 gektarda Yangi Piskent sanoat shahri qurilmoqda. Bu yerda ikki yilda 44 ta loyihani ishga tushirish mumkin.
40 million dollar hisobiga rudadagi metallarni bir-biridan ajratish uchun zarur bo‘lgan ksantogenat ishlab chiqarishni 2 karra oshirish orqali Olmaliq kombinatining bunday mahsulotga ehtiyoji to‘liq qoplanadi, 20 million dollarlik eksport bo‘ladi.