Bugun 13 fevral, 2026 yil, juma

КИР

Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar va 2026 yil uchun ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi

Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar va 2026 yil uchun ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 12 fevral kuni Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar va 2026 yil uchun ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

Yig‘ilish avvalida qayd etilganidek, Andijon – aholisi eng zich joylashgan hudud. Viloyatda 3,5 milliondan ortiq aholi istiqomat qiladi, har yili 80 mingga yaqin tug‘ilish qayd etilmoqda.

Er resurslari cheklangan sharoitda har bir gektar yer, har bir loyiha hamda har bir investisiya yuqori qo‘shilgan qiymat va barqaror ish o‘rni yaratishi shartligi ta’kidlandi. Bu viloyat rahbariyati oldidagi eng asosiy vazifa ekani ko‘rsatib o‘tildi.

2025 yil yakunlariga ko‘ra, yalpi hududiy mahsulot 107,7 trillion so‘mni tashkil etib, 6,8 foizga oshdi. Sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarishda 7,2 foiz, xizmatlar hajmida 15,1 foiz, qishloq xo‘jaligida 4,7 foiz o‘sish qayd etildi.

Joriy yilda iqtisodiyot va sanoatni 8 foizga, xizmatlarni 16,3 foizga, qishloq xo‘jaligini 5,9 foizga oshirish maqsad qilingan. Xorijiy investisiyalarni 2025 yildagi 2,5 milliard dollardan 2026 yilda 3,5 milliard dollarga, eksportni 1,3 milliard dollardan 1,5 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan.

2025 yilda 383 ming aholining bandligi ta’minlangan bo‘lsa, 2026 yilda 489,5 ming aholining bandligini ta’minlash, ishsizlikni 3,6 foizga, kambag‘allikni 2,4 foizga tushirish muhimligi ta’kidlandi.

Asaka, Oltinko‘l, Xo‘jaobod, Shahrixon tumanlari hamda Andijon shahrini ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududlarga aylantirish vazifasi qo‘yildi. “Og‘ir” toifadagi Bo‘ston, Paxtaobod va Ulug‘nor tumanlarida kambag‘allikni kamida ikki barobar qisqartirish belgilandi.

Joriy yilda viloyatda 798 million dollarlik loyihalarni ishga tushirish rejalashtirilgani ta’kidlandi.

Jumladan, Asaka, Buloqboshi va Shahrixon tumanlarida charm-poyabzal, qurilish materiallari hamda dastgohlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan 3 ta mikrosanoat markazi tashkil etiladi. 110 ta qishloq hamda 26 ta chegaraoldi va olis mahallalarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, kichik sovitkichli omborlar tashkil qilish va mikrosanoat loyihalari amalga oshiriladi.

Andijon tumanidagi “Ipak yo‘li” erkin iqtisodiy zonasida 100 gektardan ortiq yer maydoni bo‘sh turibdi. Yer resurslari cheklangan sharoitda tayyor infratuzilmasi bor maydonlarda yuqori qo‘shilgan qiymatli loyihalarni joylashtirish, minglab ish o‘rinlarini yaratish imkoniyatidan to‘liq foydalanish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Viloyatda qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.

Joriy yilda paxtachilikda hosildorlikni oshirish maqsadida xorijiy navlar joylashtiriladigan va ilg‘or “76x10” sxemasi asosida ekiladigan paxta maydonlarini kengaytirish, 472 dona yangi texnika xarid qilish rejalashtirilgan. 2 ming gektar kam samarali eski bog‘lar intensiv bog‘larga aylantiriladi, 6,8 ming gektar yer foydalanishga qayta kiritiladi.

Yangi tajriba sifatida Oltinko‘lda gulchilik, Izboskanda ko‘chatchilik, Asakada issiqxonachilik, Qo‘rg‘ontepada sabzavotchilik, Buloqboshida uzumchilik bo‘yicha tomorqa maktablari tashkil etiladi.

2025 yilda viloyatga 460 ming xorijiy va 1,8 million mahalliy turist kelgan. Joriy yilda xorijiy turistlar sonini 700 mingga, mahalliy sayyohlarni esa 2,5 millionga yetkazish maqsad qilingan.

Shu maqsadda Buloqboshidagi “Shirmonbuloq”, Xo‘jaoboddagi “Imom ota” va Xonoboddagi turizm markazlarini rivojlantirish uchun alohida direksiya ochiladi. Tuman va shahar markazlaridagi 91 ta mahallani bog‘lovchi gavjum ko‘chalarda savdo, dam olish va ko‘ngilochar maskanlar barpo etiladi.

Andijonda uy-joy masalasi boshqa hududlarga nisbatan ancha dolzarb. Joriy yilda viloyatdagi “Yangi O‘zbekiston” massivlarida 54 ta, boshqa hududlarda esa 158 ta ko‘p qavatli uylar qurilishi kutilmoqda.

“Qurilishga tayyor yer” tizimini joriy etish orqali loyihalarni boshlash muddatini 120 kundan 30 kungacha qisqartirish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi. Jalaquduqda ushbu yangi tizim asosida zamonaviy uy-joylar qurish bo‘yicha tajriba boshlanadi.

Viloyatda 11 ta oliy ta’lim muassasasi faoliyat yuritmoqda, 94 mingdan ortiq talaba tahsil olmoqda, 56 ta texnikumda 46 ming nafar o‘quvchi kasblarga o‘rgatilmoqda. Oliygohlardagi ilmiy salohiyatni oshirish, dual ta’lim qamrovini kengaytirish choralari belgilab olindi.

Tibbiyot texnikumlariga til o‘rgatish bo‘yicha ilg‘or xususiy ta’lim tashkilotlarini jalb qilib, yiliga 4 mingdan ziyod yoshlarning Yevropa davlatlariga ishlashga borishiga ko‘maklashish tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi.

Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Ijtimoiy reestrga kirmagan oilalarning iqtidorli farzandlariga ham sport, madaniyat va san’at sohasidagi tashabbuslari uchun “Yoshlar daftari” jamg‘armasidan 41 million so‘mgacha subsidiya berish taklif qilindi. Prezidentimiz ushbu tartibni Andijon viloyatidan boshlashni topshirdi.

Davlatimiz rahbari yig‘ilish yakunida belgilangan vazifalar ijrosi Andijon aholisi hayotida aniq va sezilarli natija berishi shartligini ta’kidlab, mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

Kiritildi: Bugun 06:30. O'qildi: 341 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!